Afg‘onistonda qahraton sovuq 9 kishining hayotiga zomin bo‘ldi
Olam
−
02 mart
6990Oxirgi bir necha kun ichida Afg‘onistonda kuchli qor yog‘ishi va sovuq havo tufayli kamida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi, yana ikki kishi og‘ir ahvolda. Bu haqda kecha, 1 mart kuni mahalliy "TOLOnews" telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda Bodg‘is, Badaxshon, Faryob, Juzjon, Qandahor, Hilmand va Sari-Pul viloyatlarida qor bo‘ronlari bilan birga sovuq havo kuzatilgan. Bu esa aholi orasida qurbonlar bo‘lishiga olib kelgan. Shuningdek, ayrim hududlarda ko‘p sonli chorva mollari nobud bo‘lgan. Birgina Faryob viloyatida 1 ming boshga yaqin qoramol nobud bo‘lgani ma’lum.
Juzjon viloyati politsiyasi voizi Abdul Sattor Halimiyning aytishicha, mintaqa xavfsizlik kuchlari qor bo‘roni vaqtida Aqcha tumanida yo‘lda qolib ketgan 42 kishini qutqarib qolgan.
Noqulay ob-havo tufayli ayrim viloyatlarda, shuningdek, mamlakatning shimoliy va markaziy qismlarini bog‘lovchi Salang dovonidagi yo‘llarda tirbandlik yuzaga kelgan.
Eslatib o‘tamiz, 19 fevralga o‘tar kechasi Afg‘oniston sharqidagi Nuriston viloyatida sodir bo‘lgan ko‘chki oqibatida kamida 25 kishi halok bo‘lgan edi.
LiveBarchasi