Afg‘onistonda inklyuziv hukumatsiz tinchlik o‘rnatish imkonsiz – Raisiy
Olam
−
04 iyul 2023
4368Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish uchun turli etnik guruhlar, siyosiy partiyalar va diniy oqimlar manfaatlarini ifodalovchi inklyuziv hukumat tuzish kerak. Bu haqda bugun, 4 iyul kuni Hindiston raisligida virtual formatda bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) Davlat rahbarlari kengashining 23-yig‘ilishi chog‘ida Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy aytib o‘tdi.
Xavfsizlik nuqtai nazaridan mintaqa davlatlarida qo‘rquv uyg‘otayotgan Afg‘onistondagi vaziyat haqida gapirar ekan, Raisiy Eron terrorizm va xalqaro narkotrafikga qarshi kurash bo‘yicha o‘z tajribasini SHHTga a’zo davlatlar bilan bo‘lishishga tayyor ekanini bildirgan.
“Mazlum Afg‘onistondan juda ko‘p sonli qochqinlarni qabul qilgan Eron bu mamlakatda barqaror tinchlik o‘rnatish uchun barcha etnik guruhlar, siyosiy partiyalar va diniy harakatlarni qamrab oluvchi hukumatni shakllantirishdan boshqa chora yo‘q, deb hisoblaydi”, degan Ibrohim Raisiy.
Ma’lumot uchun, mazkur sammitda SHHTga a’zo barcha davlatlar ishtirok etgan. Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston kuzatuvchi sifatida taklif qilingan. Turkmaniston esa sammitda mehmon sifatida ishtirok etgan. Tadbirda tashkilotning ikki organi – SHHT Kotibiyati va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi rahbarlari ham qatnashgan. Bundan tashqari, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi rahbarlari taklif etilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq sammit ishtirokchilari Eronning SHHTga a’zoligini rasman tasdiqlagan, Shanxaydagi tashkilot kotibiyatida Eron bayrog‘i ko‘tarilgandi.
LiveBarchasi