Afg‘onistonda 150 kishi suv toshqinida halok bo‘ldi (fotoreportaj)
Olam
−
28 avgust 2020
7467Afg‘onistonda davom etayotgan kuchli yomg‘ir yog‘ishi ortidan yuzaga kelgan suv toshqinlari natijasida halok bo‘lganlar soni 150 nafarga yetdi. Bu haqda “Gulf Today” nashri xabar berdi.
Qutqaruvchilar poytaxt Kobulning shimolidagi vayron bo‘lgan 1500 ta uyni tekshirib chiqqanlaridan so‘ng, yana 70 dan ortiq jasad topilgan va jam qurbonlar soni 150 nafarga yetgan.
Juda kuchli yomg‘ir yog‘ishidan yuzaga kelgan suv toshqinlari sababli Parvan tog‘lari hududidagi 900 ta oila boshqa joylarga ko‘chirilgan.
"Qidiruv ishlari haligacha davom etmoqda, biz toshlar va vayronalar ostida odamlar qolib ketgan bo‘lishidan qo‘rqyapmiz", dedi Tabiiy ofatlarni boshqarish vazirligi vakili Tamim Azimi.
Qutqaruvchilar 28 soatdan ko‘proq vaqt davomida tabiiy ofat hududini tozalashga harakat qilishdi. Toshqin oqibatida yo‘llar buzilib, yopilib qo‘yganligi uchun harakatlanish qiyin kechgan. Kamida 250 kishi jarohatlangan.
"Vaziyat juda achinarli, yo‘qotishlar ko‘p", deydi Azimi.
Qayd etilishicha, o‘lganlar orasida bolalar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Afg‘oniston muntazam ravishda qurg‘oqchilikdan aziyat chekadi. Ammo janubiy Osiyo mussonida kuchli yomg‘ir yog‘ish holatlari kuzatiladi.
Mahalliy aholi orasidan 45 yoshli fermer Muhammad Qosimning AFP'ga aytishicha, toshqin paytida uning oilasidan 11 kishi halok bo‘lgan. Ularni uy bosib qolgan.
"Singlim, eri, 2 ta qizlari va ularning farzandlari bitta uyda uxlayotgan bo‘lganlar", deydi u.
Afg‘onistonning Tabiiy ofatlarni boshqarish bo‘yicha vaziri G‘ulom Bahovuddin Jiloniyning aytishicha, Shimoliy Parvan viloyatidagi toshqin Charikar shahrini suv ostida qoldirgan, u yerdagi mahalliy shifoxona vayron bo‘lgan, shuning uchun, ko‘plab jarohatlanganlar poytaxt Kobulga ko‘chirilmoqda.
Viloyat vakili Vohida Shahkarning aytishicha, qurbonlar soni ko‘payishi mumkin, chunki qutqaruv guruhlari vayron bo‘lgan uylar ostiga ko‘milgan odamlarni qidirishda davom etmoqda.
Vazirlik vakili Ahmad Tamim Azimiyning aytishicha, Kobuldan sharqda joylashgan magistral yo‘lda toshqin kamida sakkiz kishini oqizib ketgan, shu jumladan, 2 bola cho‘kib ketgan va yana 14 kishi jarohatlangan.
Vohida Shahkarning aytishicha, toshqin viloyatning markaziy qismida bir kecha-kunduzda, kuchli yomg‘irdan so‘ng boshlangan.
Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani o‘z bayonotida jabrlanganlarning oilalariga hamdardlik bildirar ekan, Parvan va boshqa viloyatlarga yordam yetkazilishini aytdi.
Rushanabonu Sultonova
LiveBarchasi