Afg‘oniston va Pokiston yetakchilari qatnashadigan Toshkentdagi konferensiyada nimalar muhokama qilinadi?
Jamiyat
−
12 iyul 2021
6244O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbarining ish rejasi va Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya dasturi bilan tanishtirdi.
Joriy yilning 15-16 iyul kunlari Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani rasmiy tashrif bilan, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.
Ushbu konferensiyada Afg‘oniston va Pokiston Prezidentlari, shuningdek, Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Jozef Borrel, 20 dan ziyod mamlakat tashqi ishlar vazirlari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Ishtirokchilarning umumiy soni 600 dan ortiq.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokchilarga videomurojaat yo‘llaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan konferensiya Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan.
Yalpi va sho‘’ba majlislarida mintaqaviy bog‘liqlikni yanada chuqurlashtirish imkoniyatlari, shu jumladan savdo va transport sohalaridagi hamkorlikning barqaror o‘sishni ta’minlashdagi o‘rni, madaniy-gumanitar aloqalarni qayta tiklash orqali do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi tahdid va xatarlar muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston Prezidenti, Pokiston Bosh vaziri, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi tashqi siyosiy idorasi rahbari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Shu hafta qator hududlarda nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish yuzasidan yig‘ilish o‘tkaziladi.
LiveBarchasi