Afg‘oniston va Pokiston to‘qnashuvida 50 dan ortiq askar halok bo‘ldi
Olam
−
13 Oktabr 2025 4641 2 daqiqa
Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegarada jangovar to‘qnashuvlar kuchayib, o‘nlab odamlar halok bo‘ldi. Bu haqda ikki tomondagi manbalarga tayanib, “Tolo News” xabar berdi.
Afg‘oniston nomidan so‘zlagan “Tolibon” harakati vakili Zabihullo Mujohidning ma’lum qilishicha, 58 pokistonlik askar o‘ldirilgan, shuningdek, 20 ta pokistonlik chegara posti vaqtincha egallab olingan. Mujohidning aytishicha, bu “javob zarbalari” bo‘lgan, ammo janglarda 9 nafar afg‘on askari ham halok bo‘lgan.
Pokiston tomoni bu raqamlarni tasdiqlamagan, biroq mahalliy OAV har ikki tomonda ham ko‘plab qurbonlar borligini bildirgan. Pokiston harbiylari, o‘z navbatida, 19 ta afg‘on chegara posti ustidan nazorat o‘rnatganini da’vo qilgan.
To‘qnashuvlar 10 oktyabr atrofida boshlangan. “Tolibon” Pokistonni Afg‘oniston hududiga havo hujumlari uyushtirganlikda ayblagan. 9 oktyabr kuni Qobul va janubi-sharqiy viloyatlarda portlashlar bo‘lib o‘tganidan so‘ng, Afg‘oniston Pokistonni suverenitetini buzishda ayblagan. Islomobod esa bunday hujumlarni rad etgan.
Qayd etish joiz, Pokiston rasmiylari so‘nggi yillarda o‘z hududida sodir bo‘lgan ko‘plab askarlar o‘limida “Tolibon”ni ayblaydi.
11 oktyabr oqshomida Pokiston tomonining ma’lum qilishicha, afg‘on kuchlari bir necha chegara nuqtalarida o‘t ochgan. Janglar Xayber-Paxtunxva viloyatidagi Chitral shahri hamda Balujistondagi Baxramcha atrofida kechgan.
Pokiston bu hujumlarga javoban og‘ir artilleriya, tanklar, dronlar va jangovar samolyotlardan foydalangan. Shu bilan birga, mamlakatning Hindiston bilan sharqiy chegarasida ham harbiy tayyorgarlik darajasi oshirilgani xabar qilingan. Islomobod Nyu-Dehli vaziyatga aralashishidan xavotirda.
Ma’lumot uchun, Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi 2 400 km uzunlikdagi chegara 1893 yilda chizilgan bo‘lib, hali ham bahsli hudud hisoblanadi. Vaziyat keskinlashgani ortidan Qatar, Saudiya Arabistoni va Eron ikki tomonni tinchlikka va sabr-toqatga chaqirgan.
Pokiston yadro quroliga ega davlat hisoblanadi. Turli manbalarga ko‘ra, uning arsenali 60 dan 170 tagacha yadro kallaklarini o‘z ichiga oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” muvaqqat hukumati a’zosi – tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy Hindistonga rasmiy tashrifi chog‘ida Pokiston Afg‘onistonga nisbatan tajovuz qilsa, buning oqibati og‘ir bo‘lishi haqida ogohlantirgandi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston tomoni “muloqot uchun eshikni ochiq qoldirgan”, Pokiston esa “o‘z muammolarini o‘zi hal qilishi kerak”.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025