Afg‘oniston va Pokiston Xitoyda muzokara o‘tkazmoqda
Olam
−
08:49 734 2 daqiqa
Afg‘oniston va Pokiston chegaradagi mojaroni hal qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Uchrashuvlar Xitoy ishtirokida, uch tomonlama formatda o‘tkazilmoqda. Bu haqda “Dawn” xabar berdi.
Muzokaralar Xitoyning Urumchi shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Ular Afg‘oniston tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, Qobul Pekindan uchrashuvni o‘tkazishda yordam so‘ragan. Shu bilan birga, Xitoy bu jarayonda rasmiy vositachi sifatida qatnashmayapti.
Uchrashuvda ikki davlat Tashqi ishlar va Ichki ishlar vazirliklari hamda Pokiston Qurolli kuchlari vakillari ishtirok etmoqda. Muzokaralarning asosiy maqsadi – chegaradagi harbiy to‘qnashuvlarni to‘xtatish yo‘llarini muhokama qilish. Xitoy esa ishonchni mustahkamlash uchun ikki davlat o‘rtasida savdoni tiklashni taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 26 fevral kuni Pokiston Gazab Lil-Haq operatsiyasini boshlaganidan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar uzilgan edi. Pokiston bu operatsiyani Afg‘onistondagi terrorchi guruhlarga qarshi o‘tkazganini bildirgan.
Xitoy, shuningdek, Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan Sharqiy Turkiston Islomiy harakati faolligidan xavotir bildirgan.
26 fevral kuni kechqurun Pokiston va Afg‘oniston chegarasida yana janglar boshlangan. Qobul buni Pokistonning aviazarbalari javobi sifatida izohlagan. Pokiston Mudofaa vaziri Xavoja Osif esa ikki davlat o‘rtasida ochiq qurolli qarama-qarshilik boshlanganini ma’lum qilgan.
18 mart kuni Islomobod va Qobul Iyd al-Fitr munosabati bilan 5 kunlik sulh e’lon qilgan. Bu jarayonda Saudiya Arabistoni, Qatar va Turkiya vositachilik qilgan.
Live
Barchasi