Afg‘oniston va Pokiston harbiy harakatlarni vaqtinchalik to‘xtatdi
Olam
−
18 mart 1181 2 daqiqa
Afg‘oniston va Pokiston Ramazon hayiti munosabati bilan harbiy harakatlarni to‘xtatdi. Bu haqda bugun, 18 mart kuni har ikki davlat rasmiylari ma’lum qildi.
Xususan, Pokiston Axborot va teleradioeshittirish vaziri Attaulla Tarar musulmonlarning Iyd al-Fitr (Ramazon hayiti) bayrami nishonlanishi munosabati bilan Afg‘onistonga qarshi harbiy harakatlar to‘xtatilishini e’lon qilgan.
“Yaqinlashib kelayotgan Iyd al-Fitr bayrami arafasida o‘z tashabbusimiz bilan, shuningdek, Saudiya Arabistoni Podshohligi, Qatar va Turkiya Respublikasi iltimosiga binoan Pokiston Islom Respublikasi hukumati davom etayotgan amaliyotni vaqtincha to‘xtatishga qaror qildi”, deb yozdi u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Qayd etilishicha, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi 19 martdan 23 martgacha (shu kuni ham) amalda bo‘ladi. Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati vakili Zabihulloh Mujohid ham shunga o‘xshash bayonot bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonning Qobul shahridagi giyohvandlar davolanayotgan shifoxonaga bir nechta bombalar bilan zarba berilgani va oqibatda u yerda davolanayotgan 400 dan ortiq bemor halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi mojaro
Ilgari ittifoqchi bo‘lgan bu ikki davlat o‘rtasidagi keskinlik Pokiston Afg‘onistondan “Tolibon” harakatiga qarshi choralar ko‘rishni talab qilganidan keyin kuchaydi.
2025 yilning 9 oktyabr kuni Qobulda ikki portlash sodir bo‘lgan va “Tolibon” buning uchun Islomobod (Pokiston poytaxti)ni ayblagan. Shundan so‘ng afg‘on qo‘shinlari chegara punktlarida pokistonlik harbiylarga qarata o‘t ochgan. Bunga javoban Pokiston armiyasi og‘ir artilleriya, tanklar, dronlar va qiruvchi samolyotlar bilan zarba bergan.
To‘qnashuvlar 2025 yilning oktyabr oxirigacha davom etgan. Keyin tomonlar Qatar va Turkiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgan, biroq keyingi muzokaralar tinchlik kelishuviga olib kelmagan.
Joriy yilning fevral oyi oxirida Pokiston Afg‘onistonning bir nechta shaharlariga, jumladan Qobulga ham havo zarbalari bergan. Pokiston Mudofaa vaziri Xo‘ja Osif o‘shanda bir necha oylik to‘qnashuvlardan so‘ng keskinlik “ochiq urush” darajasiga yetganini aytgan.
Live
Barchasi