Afg‘oniston O‘zbekistonga navbatdagi ayblov bilan chiqdi
Olam
−
12 avgust 2019
36196Xabaringiz bor, joriy yilning 8 avgust kuni Dohadagi “Tolibon” harakati rahbari, Mulla Barodar Oxun boshchiligidagi siyosiy idoraning vakillari Toshkentga kelib, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, Afg‘oniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy Toshkentga “Tolibon”ga ko‘rsatilgan mehmonnavozlik uchun e’tiroz bilan chiqqandi.
Ushbu voqealardan keyin Afg‘oniston TIV rasmiy vakili Sabgatulloh Ahmadi RIA Novosti agentligiga intervyu berdi. Uning qayd etishicha, ushbu uchrashuv Toshkentning tinchlik jarayonida Qobulga yordam berishni istamasligini ko‘rsatmoqda.
Ahmadining ma’lum qilishicha, afg‘onlararo muzokaralarning navbatdagi raundi qachon bo‘lib o‘tishi tez orada aniq bo‘ladi. Ushbu muzokaralarni o‘z hududida o‘tkazish taklifi bilan O‘zbekiston, Indoneziya, Norvegiya va Germaniya Federativ Respublikasi taklif kiritgan.
2018 yilning mart oyida Toshkentda o‘tkazilgan Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga bag‘ishlangan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tomoni afg‘on rasmiylari va toliblarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyorligini bildirgandi.
Konferensiyadan keyingi deklaratsiya Afg‘oniston hukumati va qurolli muxolifat, xususan “Tolibon” o‘rtasida hech qanday shartlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni tezroq boshlash zarurligi yuzasidan umumiy fikrni aks ettirdi.
Afg‘onistonda Hukumat kuchlari bilan ilgari mamlakatning qishloq joylarida muhim hududni egallab olgan va yirik shaharlarga hujum uyushtirgan “Tolibon” radikal harakati jangarilari o‘rtasida qarama-qarshilik mavjud. Mamlakat hududida ISHID terrorchilik guruhining ta’siri tobora kuchaydi. Afg‘oniston Milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari butun mamlakat bo‘ylab qo‘shma aksilterror operatsiyalarini o‘tkazmoqdalar.
LiveBarchasi