Afg‘oniston O‘zbekistonga qanchalik xavf tug‘dirmoqda? Prezident aytgan xavf haqida TIV nima deydi?

Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 20 yanvar kuni Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisidagi nutqida Yaqin Sharq, jumladan Afg‘onistondagi qurolli to‘qnashuvlarning xavf-hatari O‘zbekistongacha yetib kelayotgani haqida gapirgan edi. Davlat rahbari ushbu masala haqida so‘z ochib, “Yaqin Sharqdagi voqealar bizga ta’sir qilmaydi, deb o‘ylaysizlarmi? Shamoli yetib kelyapti, shamoli! Chegaralarimiz atrofida xavf ortib boryapti.

Afg‘onistondan bizga yaqin chegaralarni tozalab berishni so‘radik. Ular ham o‘zaro hamkorlik shartnomalari yuzasidan qandaydir harbiy operatsiyalar qilganday bo‘lishdi, ammo bu bilan xavfsizlik ta’minlanib qolmaydi. Biz o‘zimiz xavfsizlikni ta’minlashimiz kerak. Biz yer tagida ilon qimirlasa bilamiz. Xavf yo‘q emas, vaziyat murakkabligini yaxshi tushunib turibmiz”, degan edi”, degan edi davlat rahbari. 

Kecha, 14 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida QALAMPIR.UZ Prezident nutqini xotirladi va bu borada Tashqi ishlar vazirligining munosabatini so‘radi. Xo‘sh, Afg‘onistondan O‘zbekistonga qanday xavf mavjud? 

“Prezidentimiz Afg‘oniston qandaydir shartlarni buzayotgani haqida gapirganlarini eshitganim yo‘q. Menimcha, hech qanday shartlar buzilayotgani yo‘q va bu haqda hech qanday gap bo‘lgani ham yo‘q. Men eshitmadim, Senatning yig‘ilishida ham qatnashmadim. Men Parlamentga yo‘llangan murojaatnomada qatnashdim. U yerda Afg‘oniston haqida juda yaxshi gaplar bo‘ldi”, deydi Ilhom Ne’matov. 

Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari O‘zbekistonning dunyoning barcha mamlakatlari, jumladan qo‘shni respublikalar bilan munosabatlari kun sayin rivojlanib borayotganini qayd etdi. Afg‘onistonning O‘zbekiston iqtisodi uchun muhim jihatlariga to‘xtaldi:

“Afg‘oniston – eng yaqin qo‘shnimiz. Tarixan Afg‘oniston bilan o‘rtamizda hech qanday muammo bo‘lmagan. Hozirgi kunda Afg‘oniston bilan iqtisodiy aloqalarimiz borgan sari o‘sib boryapti. Bilasiz, bizning to‘g‘ridan-to‘g‘ri dengiz portlariga yo‘limiz yo‘q. Biz uchun eng yaqin yo‘l – bu Afg‘oniston. Shuning uchun Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi O‘zbekiston uchun juda katta ahamiyatga ega”.

Ma’lumki, 2017 yilning 5 mart kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashrf G‘ani O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif ikki mamlakat munosabatlarida yangi sahifa ochdi. Xususan, Afg‘onistonlik yoshlar uchun Surxondaryoda ta’lim olish imkoniyati yaratildi. 2018 yilning 27 mart kuni O‘zbekistonda “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi xalqaro konferensiya tashkil etildi. Ilhom Ne’matov QALAMPIR.UZ bilan suhbatda ushbu konferensiyani yodga oldi:

“O‘zbekiston mustaqilligi tarixida birinchi marta Afg‘oniston Prezidenti 2017 yilning 5 dekabr kuni O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu ham Prezidentimizning tashabbuslari bilan amalga oshirildi. Ana shu tashrifda juda ko‘p siyosiy-iqtisodiy masalalarda muzokaralar o‘tkazildi. Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish masalasiga esa katta ahamiyat qaratildi. 2018 yilning mart oyida O‘zbekistonda katta xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu xalqaro konferensiyani o‘tkazish ham Prezidentimizning tashabbuslari edi. Bu konferensiyada BMT va Yevropa Ittifoqidan juda nufuzli mehmonlar qatnashdi. Ushbu konferensiyada juda muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Bulardan eng asosiysi Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish edi. 

Bundan tashqari, Prezidentimizning tashabbuslari bilan BMTning Bosh assambleyasi Markaziy osiyoda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha rezolyutsiya qabul qildi. Bu tarixda bo‘lmagan. Shuni alohida aytamanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Afg‘onistonda tezroq tinchlik o‘rnatilishiga, yaqin qo‘shnichilik aloqalarimiz rivojlanishiga juda katta e’tibor beryaptilar”. 

Ilhom Ne’matovning fikricha, O‘zbekiston va Afg‘oniston munosabatlaridagi iliqlik iqtisodiy o‘sishga ham ta’sir qilmoqda. O‘zbekiston o‘tgan davrdagi muloqotlar samarasi o‘laroq Afg‘onistonga temir yo‘li qurib bergan. 

“Afg‘onistonga juda katta yordam berilyapti. Qurilish materiallari, armatura, g‘isht olib ketishyapti. Hayratondan Mozori-sharifgacha poyezd yo‘li qurib berildi. Afg‘oniston tarixida poyezd yo‘li bo‘lmagan”, deydi vazir o‘rinbosari. 

Diplomatning qayd etishicha, ayni vaqtda O‘zbekiston Afg‘onistonda Mozori-sharif — Gerat — Shobahor, Mozori-sharif — Kobul — Peshovor temir yo‘lini qurib berishni rejalashtirilmoqda. 

“Agar bu bo‘ladigan bo‘lsa, bizning yo‘limiz dengiz portlariga yaqinlashadi”, deydi vazir o‘rinbosari. 

Ilhom Ne’matov so‘zida davom etib, Afg‘oniston bilan savdo aloqalari ham kun sayin rivojlanib borayotganini qayd etdi. 

“Tovar ayirboshlash ayni kuni 617 million AQSH dollarini tashkil etmoqda”.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

250

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing