Afg‘oniston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelgan narkokurerlar qo‘lga olindi
3-sahifa
−
11 Oktabr
10367Afg‘oniston, Tojikiston va Qirg‘izistondan keltirilgan jami 47,2 kilogramm narkotik moddalar musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida yashovchi, 1971, 1974, 1985 yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro Tojikistondan 10 kilogramm 50 gramm “opiy” va 10 kilogramm 29 gramm “gashish” moddalarini kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tgan vaqtida DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan qo‘lga olingan.
Narkokurerlar tomonidan Afg‘onistondan olib kelinib, Muzrabot tumani hududidagi yashirin joyga qoldirib ketilgan 1 kg 953 gr “opiy” va 4 kg 116 gr “gashish” moddalarini qabul qilib olgan vaqtida Termiz shahrida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs ushlangan. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu narkotik moddalarni Termiz shahrida qabul qilib olgan vaqtida 1976 yilda tug‘ilgan Qozog‘iston fuqarosi ushlandi.
Termiz tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, muqaddam narkokurerlar tomonidan maxfiy joyga qoldirib ketilgan 922 gr “opiy” va 4 kg 203 gr “gashish” moddalarini olib, doimiy yashash manziliga ketmoqchi bo‘lgan vaqtida Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi, 1977 yilda tug‘ilgan fuqaro ushlangan. Mazkur shaxs ushbu giyohvandlik moddasining har bir kilogrammini afg‘onistonlik narkosavdogarlardan 2300 AQSH dollaridan sotib olgan.
Sariosiyo tumanida qayd etilgan holatda esa Denov tumanida yashovchi, 1968 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan fuqaro to‘xtatilib tekshirilganda, uning yonida 4 kg 80 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu giyohvandlik vositasi Tojikistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Gentra mashinasi to‘xtatilib tekshirilganda, uning salon qismida 975 gr “opiy” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash xonadonidan ham 789 gr “opiy” hamda 5 kg 239 gr “gashish” moddalari olindi. Aniqlanishicha, mazkur fuqaro tojikistonlik narkosavdogarlar tomonidan yuborilgan ushbu zahri qotilni Qo‘qon shahrida sotishni rejalashtirgan.
Boshqa holatda esa muqaddam qirg‘izistonlik narkokurerlar tomonidan Quvasoy shahri hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 4 kg 922 gr “gashish” moddasini olib, doimiy yashash manziliga ketayotgan vaqtida Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi, 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida giyohvandlik vositalarini tarqatuvchi fuqaro qo‘lga olindi. Olmazor tumanida yarim tunda tashlandiq joyda tentirayotgan 24 yoshli “zakladka” tarqatuvchi yigit Ichki ishlar organi xodimlarining e’tiborini tortgan. Tekshirilganda uning yonidan sariq “izolenta”ga o‘ralgan, oq kukunsimon modda topilgan.
LiveBarchasi