O‘lganning ustiga tepgan. Afg‘oniston pullari kimda?

Tahlil

“Tolibon” qo‘shni Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelganiga ham salkam 3 yil to‘ldi. Bu oz muddat emas. Ammo uning dunyo tomonidan xalqaro huquq sub’ekti sifatida tan olinishidek prioritet masala hali ham hal bo‘lmadi. Ayrim yirik o‘yinchilar Afg‘onistonda amalda yirik kuch bo‘lgan “Tolibon”ni o‘zi xohlagan shaklga keltirish va o‘z yo‘rig‘iga solish maqsadini hamma narsadan ustun qo‘ymoqda. Ocharchilik, qashshoqlik va yashash sifatining o‘ta qoloq darajasi tufayli aziyat chekayotgan ko‘p millatli afg‘on xalqining tashvishlari esa afsuski sanoqli davlatlarnigina tashvishga solmoqda. 1840-50 yillarda sodir bo‘lgan ingliz-afg‘on urushidan boshlab to 2021 yilgacha bo‘lgan davrga qadar,  asrga yaqin vaqt mobaynida sho‘rlik afg‘onlar uchun tinchlik ne’mati begona. Bu xalq faqat 1900 yillarda hokimiyat Amir Abdurahmonga o‘tishidan to 1979 yilda mazkur yerga Sovet qo‘shinlari kiritilishigacha bo‘lgan davrdagina bir qadar tinch va totuv yashadi, xolos. Afg‘oniston sovetlar bu yurtga o‘z qo‘shinini kiritgan paytdan boshlab ortda qolgan yaqin yillarga qadar hokimiyat almashinuvlari, turli shaxslar va guruhlarning kelishmovchiligi, qon to‘kilishi hamda keskin mojarolar ichidan chiqmadi. Bugun bu yurtdagi pushtunlar va millionlab turkiy xalqlar mamlakatdagi tarixi uzoq yillarga borib taqaladigan fundamental muammolardan dod demoqda. Shunday ekan, agar dunyo yetakchilari bu masalani uzil-kesil hal qilish va millionlab afg‘on xalqini azob-uqubatdan xalos qilishni rostdan ham istashsa, bugun buning ayni vaqti.

Unutilgan Afg‘oniston

5-6 iyul kunlari Ozarbayjonning Shusha shahrida Turkiy Davlatlar Tashkilotining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston o‘zining janubiy chegaradoshi bo‘lgan Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.

“Ming afsuski, jahonning boshqa mintaqalarida urush va mojarolar kuchayib borayotgani oqibatida yon qo‘shnimiz bo‘lgan va ko‘p millionli turkiy xalqlar istiqomat qilayotgan Afg‘onistondagi vaziyat xalqaro hamjamiyat e’tiboridan chetda qolib ketmoqda. O‘zbekiston afg‘on xalqiga zarur yordam ko‘rsatishni bundan buyon ham davom ettiradi. Afg‘onistonning xorijdagi muzlatilgan moliyaviy aktivlarini qaytarish mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatni yumshatishga xizmat qilishiga ishonamiz. Yangi voqelik sharoitida Afg‘oniston masalasi bo‘yicha Tashkilotimiz a’zolarining umumiy va yakdil yondashuvlarini ishlab chiqish masalalari tashqi ishlar vazirlarimiz muloqotlarida asosiy muhokama mavzusi bo‘lishi lozim”.

Bugun Afg‘oniston va uning xalqi dunyo e’tiboridan tushib qolgani va ko‘plab siyosiy markazlarning xotirasidan chiqqani rost. 2021 yilning avgust-sentyabr oylarida Afg‘onistonda tektonik o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Hokimiyat uchun bir necha yillardan buyon chiranib kurashayotgan “Tolibon” harakati va nihoyat o‘z maqsadiga yetdi. Ammo ular uchun hammasi endi boshlangandi. Ularni dunyo davlatlari bilan davomli, uzoq va murakkab muzokaralar kutayotgandi. Aniqroq qilib aytganda esa demokratik dunyo va “Tolibon”ning ziddiyatli boshqaruv tafakkuri o‘rtasida murosasiz bahs start oldi. Dastlabki qabul qilib olingan zarbalardan biri bu – Afg‘oniston tashqi yordamlarning katta qismidan mosuvo etilishi bo‘ldi. “Tolibon” tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishidan so‘ng Germaniya Tashqi ishlar vaziri mamlakat Afg‘onistonga shu paytgacha har yili 505 million dollar yordam paketi ajratib kelgani va ammo endi 1 sent ham bermasligini ma’lum qildi. Ustiga-ustak bu paytda sobiq Afg‘oniston Islom Respublikasining Germaniya banklarida saqlanayotgan moliyaviy aktivlari ham mavjud edi. Dunyo mamlakatlari va Tolibon o‘rtasidagi ziddiyat esa mamlakatning nafaqat Germaniya, balki boshqa davlatlardagi shunday mablag‘larining ham taqdirini so‘roq ostida qoldirishi aniq edi. Xalqaro hamjamiyat kun tartibida yaxshigina masala va hal qilinishi lozim bo‘lgan muammo paydo bo‘ldi. “Tolibon” va uning atrofidagi vaziyat yarim yil davomida dunyo e’tibori markazida bo‘ldi. Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi “Tolibon”dan inson huquqlari, liberalizm, ayollar huquqlari va yana bir qancha talablarni bajarishini so‘rash bilan vaqtni behuda sarfladi. Tez orada yer yuzini yangi g‘avg‘o chulg‘ab oldi. 2022 yilning 24 fevralida Rossiya tanklari Ukraina tomon yo‘l oldi. Bu Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropa kontinentida sodir bo‘lgan dastlabki eng yirik qirg‘inbarot urushning boshlanishi edi. O‘z-o‘zidan bunday keng miqyosdagi keskinlik dunyo e’tiborini oxirgi tomchisigacha o‘ziga tortdi. Bu sharoitda Afg‘oniston Ukraina mojarosining soyasida qolib ketdi. Oradan bir yarim yil o‘tib, 2023 yilning oktyabrida Isroilning Falastinga nisbatan shafqatsiz agressiyasining boshlanishi esa “Tolibon” va dunyodan yordam kutayotgan afg‘on xalqining masalasini yerga ko‘mdi. Dunyo ularni unutdi.

Dunyo afg‘onlarga o‘z pullarini qaytarishi lozimmi?

Unutilgan Afg‘oniston yukining og‘ir toshlari O‘zbekiston gardaniga ham tushayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Nafaqat bugun, balki so‘nggi 30 yil davomida BMT minbaridan Afg‘oniston uchun jon kuydirib gapirilgan so‘zlarning aksariyati o‘zbek Prezidentlariga tegishli. “Qo‘shning – tinch, sen –  tinch” deganlaridek, O‘zbekiston uchun xalqaro munosabatlardagi asosiy masalalardan biri bu Afg‘onistonda tinch va barqaror siyosiy boshqaruv o‘rnatilishidir. Turkiy Davlatlar Sammitidagi Shavkat Mirziyoyev nutqining afg‘on masalasiga bag‘ishlangan qismi bu qo‘llovning mantiqiy davomi bo‘ldi. Prezident Afg‘onistonning xorijdagi muzlatilgan moliyaviy aktivlarini qaytarish mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatni yumshatishga yordam berishini ta’kidladi. Haqiqatdan ham Afg‘oniston uchun suv va havodek zarur bo‘lgan va aslida afg‘on xalqiga tegishli hisoblanadigan xorijdagi muzlatilgan aktivlarning asl egalariga qaytarilishi bugun bu yurtdagi ijtimoiy taranglikni ma’lum darajada yumshatishi mumkin.

Afg‘onistonga yordam va eng avvalo o‘zining pullari qaytib berilishi nechog‘lik muhim ekanligini u yerdagi yashash sharoiti haqida tasavvur qilish ham etni junjitadigan statistik raqamlardan osongina anglashimiz mumkin. Bugun Afg‘onistonda umumiy hisobda 43 million aholi istiqomat qiladi. BMT Jahon oziq-ovqat dasturining mamlakatdagi gumanitar vaziyat haqidagi hisobotiga ko‘ra, shu 43 million aholidan 14 millioni og‘ir ahvolda va ular shu kecha-kunduzda ocharchilik darajasida yashamoqda. Bu esa agar siz Afg‘onistonga tashrif buyursangiz, yo‘lingizda uchragan har 3 odamdan biri och-nahor ekanligini anglatadi. Ammo Save the Children xalqaro tashkiloti bundan-da yomonroq insaydni taqdim qilgan. Tashkilot Afg‘oniston aktivlarining muzlatilishi iqtisodiy tanazzulga, yuqori ishsizlikka va keng tarqalgan ochlikka olib kelgani va aholining 50 foizi haddan tashqari ochlikdan aziyat chekayotganini ta’kidlagan.

Bundan tashqari, tibbiy xizmatning qoloqligi va mamlakatning katta qismida bunday xizmatning umuman yo‘qligi Afg‘on diyorida kuzatilayotgan turmush tarzidagi tanazzulni yanada kuchaytirmoqda. Xususan, taxminan 9,5 million kishi tibbiy muassasalar kam yoki umuman mavjud bo‘lmagan hududlarda istiqomat qiladi. Ya’ni bugun Afg‘onistondagi har 4 kishidan biri mabodo qandaydir kasallik bilan og‘rigudek bo‘lsa, ularning qarshisida dodini kimga aytish haqida javobi yo‘q savol paydo bo‘ladi. Eng dahshatlisi esa, oxirgi 3 yil ichida Afg‘onistondagi og‘ir yashash sharoiti, ochlik va pulga muhtojlik tufayli ba’zi ota-onalar o‘z farzandlarini sotgan holatlar juda ko‘p kuzatilgan.

Gap qaysi pullar haqida ketyapti va ular nega qaytarilmayapti? 

“Tolibon” Ashraf G‘anini hokimiyatdan ag‘darganidan so‘ng, Qo‘shma Shtatlar Afg‘oniston Markaziy bankiga tegishli bo‘lgan va Amerika banklarida saqlanib kelinayotgan qariyb 7 milliard dollar miqdordagi aktivini muzlatib qo‘ydi. Ushbu pulning katta qismi Nyu-York Federal zaxirasi bankida saqlanadi. Bundan tashqari, Afg‘onistonning yana 2 milliard dollar moliyaviy aktivlari Yevropa va Osiyoning ayrim davlatlariga qo‘yilgandi. U pullarning taqdiri ham quyuq tuman ichida qoldi. Qo‘shma Shtatlar va butun dunyo bo‘ylab muzlatilgan Afg‘oniston aktivlari 1980 yildan boshlab Eronning muzlatib qo‘yilgan aktivlaridan keyin AQSH tomonidan musodara qilingan ikkinchi o‘rindagi eng katta mablag‘ hisoblanadi.

“Tolibon” mamlakatni nazoratga olib, ba’zi radikal islohotlarni amalga oshirishni boshlagan mahal Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon Banki ham Afg‘oniston bilan bog‘liq faoliyatlarini to‘xtatganini e’lon qildi. 

Afg‘onistonning bank tizimi “Tolibon” mamlakatdagi hokimiyatni qo‘lga kiritganidan so‘ng qiyinchilikka uchradi. Xorijiy sarmoya to‘xtatildi va Afg‘onistonning xorijdagi aktivlari “Tolibon” qo‘liga o‘tib ketmasligi uchun ushbu aktivlarni nazorat qiluvchi tuzilmalar xohish-irodasiga ko‘ra muzlatib qo‘yildi. Afg‘oniston bu paytgacha faqatgina AQSHda moliyaviy aktivlarga ega emasdi. Mamlakatning 2 milliard dollar aktivlari yana 4 davlatda saqlanardi. Bular Germaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Shveysariya. Shunday qilib, Afg‘onistonning xorijdagi aktivlari umumiy hisobda jami 9 milliard dollarni tashkil qiladi va bugun “Tolibon”ning asosiy orzusi bu pullarni ortga qaytarish bo‘lib qolmoqda. 

Qo‘shma Shtatlarda esa bloklangan 7 milliard dollar uchun yaxshigina bahonalar mavjud. 2021 yil avgustida Afg‘onistondagi avvalgi tan olingan hokimiyat qulaganidan so‘ng mamlakatning Nyu-Yorkda ochilgan hisob qaydnomasiga kirish huquqiga kim ega ekanligi katta so‘roq ostida qoldi. Endi bu aktivlarning egasi bo‘lgan sobiq Afg‘oniston Islom Respublikasidan asar ham qolmagan, mamlakatni amalda egallagan “Tolibon” esa BMT rezolyutsiyasiga ko‘ra “terrorchi” tashkilot va uni dunyo hamjamiyati, xususan, AQSH tan olmagan edi. Milliardlab mablag‘ egasiz qoldi va uni endi legallashtirish masalasi o‘rtaga chiqdi.

Pullar qayerga sarflanadi?

2022 yilda AQSH Prezidenti Jo Bayden bu pullar borasida kutilmagan qaror qabul qildi. U Afg‘oniston markaziy banki zaxiralarining AQSH moliya institutlaridagi muzlatilgan 7 milliardini 3 yarim milliarddan teng ikkiga bo‘lgan holda yarmini afg‘on xalqining manfaati yo‘lida ishlatishga, qolgan yarmini esa Nyu-York Jahon savdo markazi binolarida 2001 yil 11 sentyabrdagi teraktdan jabr ko‘rgan amerikaliklar va ularning yaqinlariga kompensatsiya to‘lash uchun ajratishni ko‘zda tutuvchi qonunni imzoladi. Afg‘on xalqiga ajratilishi ko‘zda tutilgan 3 yarim milliard tushunarli, ammo allaqachon yarasi bitib ketgan 2001 yil 11 sentyabr voqealarining jabrdiydalariga to‘lanishi ko‘zlangan pul nega ocharchilikdan aziyat chekayotgan sho‘rlik afg‘onlarning rizqini qiyish orqali amalga oshirilayotgani qabul qilib bo‘lmas qarordir. Eng qizig‘i, bu absurd qarorga ko‘ra afg‘on xalqiga topshirilishi lozim bo‘lgan pullar ochlik va iqtisodiy inqirozdan aziyat chekayotgan xalqqa “Tolibon” qo‘liga tushmasdan yetkazilishi lozim. Ammo Afg‘onistonga kirishi mumkin bo‘lgan har qanday yordam qanday qilib “Tolibon” postidan o‘tmasligi mumkin? Bu savol dolzarb va bir vaqtning o‘zida juda kulgili ham. Ammo qarorda ushbu pullar Afg‘oniston jamg‘armasi tomonidan Shveysariyada joylashgan Xalqaro hisob-kitoblar bankida o‘z hisobini yuritishi va Afg‘oniston iqtisodiyotiga yanada barqarorlikni ta’minlash uchun maxsus to‘lovlar amalga oshirilishi belgilangan. Ammo 2023 yilda ayrim axborot agentliklarining surishtiruv va xulosalariga ko‘ra, Bayden ma’muriyatining ushbu rejasi amalga oshmay qolgan va bu borada lozim bo‘lgan qadamlar tashlanmagan, loyiha joyida toshdek qotgan. Jenevada ro‘yxatdan o‘tgan Afg‘oniston jamg‘armasiga afg‘on xalqi manfaati uchun muzlatilgan 3,5 milliard dollarlik aktivlarni o‘zlashtirish uchun tuzilganidan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hech qanday mablag‘ ajratilmagan.

Biroq Afg‘oniston xalqi o‘nlab yillar davom etgan mojarolar, qattiq qurg‘oqchilik, COVID-19 pandemiyasi va yana bir qator fundamental muammolar tufayli kelib chiqqan gumanitar va iqtisodiy inqirozlar girdobiga tushib qolgan. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, bugun bu mamlakatda atigi 5 kg vazndagi 3-4 yoshli bolalarni, qoqsuyak go‘daklar va har 10-20 kunda tinimsiz tarzda tibbiy xizmatga muhtoj bo‘lgan aholini uchratish odatiy holga aylangan. Bu esa hozirda Afg‘on diyori juda jiddiy, murakkab va zudlik bilan hal qilinishi kerak bo‘lgan sog‘liqni saqlash, bolalar salomatligi, chaqaloqlarning reproduktiv rivojlanishi va oziq-ovqat yetishmovchiligi kabi muammolar bilan yuzlashayotganini anglatadi. Agar qandaydir mo‘’jiza bilan muzlatilgan aktivlar “Tolibon”ga topshiriladigan bo‘lsa, ular bu pullarni yuqorida qayd etilgan muammolarni bartaraf etish uchun sarflashi lozim. Bunday sharoitda harbiy sohani rivojlantirish emas, balki xalqning mazkur birlamchi ehtiyojlarini qondirish yo‘lini tanlashi talab etiladi.

“Tolibon”ga ishonsa bo‘ladimi?

Pullar “Tolibon”ga topshirilishining eng asosiy va ayni damda amalga oshishi imkonsiz bo‘lgan sharti bu – uning Qo‘shma Shtatlar tomonidan xalqaro huquq sub’ekti sifatida de-yure tan olinishidir. Chunki agar AQSH “Tolibon” tuzgan amirlikni davlat sifatida tan olsa, bu dunyo bo‘ylab muzlatilgan afg‘on aktivlarining Afg‘onistonda tan olingan hokimiyat sifatida “Tolibon”ga topshirilishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Biroq Qo‘shma Shtatlarda yaqin orada bunday reja yo‘q bo‘lishi ehtimoli yuqori. Har holda ularning “Tolibon” bilan munosabatlari shunday xulosaga kelishimizga majbur qilmoqda. Ammo bu holatda boshqa siyosiy kuch markazlari, xususan, rasmiy Pekin va Kreml AQSHdan allaqachon Afg‘oniston aktivlariga qo‘yilgan blokni olib tashlash va ularni o‘z egasiga qaytarishni talab qilgan. Xususan, BMT Xavfsizlik Kengashida Xitoyning tashkilotdagi elchisi o‘rinbosari Geng Fxung Afg‘onistondagi gumanitar inqirozni va afg‘on xalqining gumanitar azobini yengillashtirishga yordam berish uchun muzlatilgan aktivlarni “to‘liq” holda va “tezkor” tartibda qaytarishga chaqirgan. Shuningdek, Rossiyaning BMTdagi elchisi o‘rinbosari Anna Yevstigneyeva shunday talabni ilgari surgan.

Biroq Vashington bu pullarni 20 yillik mojarodan so‘ng 2021 yilgi voqealar fonida  G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlangan kuchlarni mag‘lub etgan “Tolibon”ga topshirishni istamaydi. AQSHning yuqori martabali diplomati Jeffri Delaurentis Afg‘onistonda terrorizmni jilovlashga jiddiy yondashayotgan hech bir davlat “Tolibon”ga Afg‘oniston markaziy bankining 3 yarim milliard dollarlik aktivlardan foydalanishga rozi bo‘lmasligi kerak, deya ta’kidlagandi. Bu orqali u “Tolibon” hozir ham terroristik klanlar bilan aloqa qilayotgan bo‘lishi mumkin, degan gumonni ilgari surgan. 

2023 yilgacha BMT Taraqqiyot dasturining Afg‘onistondagi rahbari lavozimida faoliyat yuritgan Abdulloh Al Dardariy “Reuters” agentligiga bergan intervyusida, pullar afg‘on xalqining qo‘liga yetib borishi uchun alohida maxsus koridor tuzilishi va bu yo‘lak “Tolibon” nazoratida bo‘lmasligi lozim deya ta’kidlagandi. Uning qo‘shimcha qilishicha, xalqaro moliya institutlari bank sektorini qo‘llab-quvvatlashi va bir vaqtning o‘zida bu orqali “Tolibon”ni qo‘llab-quvvatlamayotganiga ishonch hosil qilishi lozim. Ammo ko‘rinib turibdiki, Bayden rejasidan tortib to ushbu loyihalargacha faqatgina quruq gaplar va amalga oshishi juda qiyin bo‘lgan vazifalar xolos. Chunki bugun “Tolibon”ni aylanib o‘tib, Afg‘onistonga biron bir yordam qilish haqidagi o‘ylangan rejalar imkonsizdek ko‘rinmoqda. Agar bu G‘arb tomonidan amalga oshirilishi kerak bo‘lsa, masala yanada qiyinlashishi oydek ravshan.

Bundan tashqari, Yevropa hamjamiyati va boshqa demokratik sub’ektlar “Tolibon” hokimiyatga qaytganiga mana deyarli uch yil to‘libdiki, mamlakatdagi inson huquqlari, gender tengligi va siyosiy boshqaruvning o‘ta radikal uslubidan norozi. G‘arb davlatlari bu holat yanada kuchayishidan xavotirda. Ammo “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga kiritganidan keyin tashqi dunyo talablaridan kelib chiqib, 1994 yildagidek yo‘lni tanlamadi va “toliboncha” uslubning dahshatli strukturasini qo‘llamadi. Shunday bo‘lishiga qaramay, bu hali ham kamlik qilmoqda. BMTning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari Markus Potzel “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga kiritganidan keyin ijobiy o‘zgarishlar bo‘lgan bo‘lsa-da, “ular juda oz va juda sekin bo‘lib, salbiy tomonlari ko‘p” ekanligini aytadi. Uning fikricha, xalqaro hamjamiyatda ko‘pchilikning Afg‘onistondagi “Tolibon” harakati bilan hamkorlik qilish strategiyasiga nisbatan sabri tugab bormoqda.

Ammo Sharq siyosiy maydonining egasi bo‘lib borayotgan Xitoy mulozimlari bu borada maydalashib o‘tirmadi. Xitoy 2024 yil 30 yanvarda “Tolibon” elchisini qabul qildi. Bunday tan olinish “Tolibon” uchun juda katta siyosiy voqelik edi. Sababi Xitoy kabi gigantning mamlakatga yashil chiroq yoqishi hazilakam narsa emas. Bu hodisa dunyoning “Tolibon”ga nisbatan qarashlari o‘zgarishiga olib kelishi kutilgandi. Taxminlar ma’lum ma’noda o‘zini oqladi. Bu voqelik Markaziy Osiyo va Rossiyaga “Tolibon” masalasida oldinga siljish uchun stimul berdi. Joriy yilning 27 may kuni Rossiya Tashqi ishlar va Adliya vazirliklari mamlakat Prezidentiga “Tolibon”ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarilishi mumkinligi haqida ma’lumot kiritdi. Tashqi ishlar vaziri buni “Tolibon” harakati Afg‘onistonda haqiqiy kuchga ega ekanligi bilan bog‘ladi. Bu ishni qo‘shni Qozog‘iston ham amalga oshirdi. Ular savdo-iqtisodiy hamkorlik vaji bilan “Tolibon” guruhini terrorchilar ro‘yxatidan chiqardi. Shuningdek, Rossiya bu masalada juda muhim nuqtani ham ilgari surdi. Rus rasmiylari Kreml dunyo tomonidan “Tolibon”ga yuklatilayotgan majburiyatlarni bajarishni talab qilmasligini ta’kidladi va bu bilan toliblardan inson huquqlari va bir qancha xalqaro huquq normalariga rioya qilishni tinimsiz tarzda so‘rab kelayotgan G‘arbga o‘ziga xos signal ham berdi. 

Bu siyosiy voqea-hodisalar “Tolibon”ning unga yaqin yoki qo‘shni bo‘lgan mamlakatlar tomonidan asta-sekinlik bilan bir-bir yaqin kelajakda tan olinishidan darak bermoqda. Chunki tanasi boshqa dard bilmas deganlaridek, agar Afg‘onistonda qandaydir beqarorlik yuzaga kelgudek bo‘lsa, uning sovuq shamoli eng birinchi navbatda unga yaqin bo‘lgan mamlakatlarda esadi, ammo bu izg‘irin okeanorti yoki ko‘hna qit’a deb ataluvchi Yevropaga yetib borish ehtimoli yoki salmog‘i pastdir. Shuning uchun G‘arb dunyosi Sharq mintaqasining “Tolibon”ga qaratilgan siyosatiga nisbatan pinagini ham buzmayapti. Shunday qilib, bugun Afg‘onistondagi asosiy kuch-qudrat egasi bo‘lgan “Tolibon” G‘arb xohlagandek bo‘lishni istamaydi, kollektiv G‘arb esa muzlatilgan aktivlarni agressiv siyosiy xarakterga ega bo‘lgan toliblarga topshirishni xohlamaydi. Muammo juda murakkab va yechimi vaqt hukmida qolishda davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

“Tolibon” muzlatilgan aktivlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing