Afg‘oniston-Pokiston mojarosida 42 nafar afg‘onistonlik halok bo‘ldi
Olam
−
15:09 889 1 daqiqa
Joriy yilning 26 fevralida boshlangan Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda hozirga qadar kamida 42 nafar afg‘onistonlik halok bo‘ldi, 104 kishi esa jarohatlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, qurbonlarning soni hozircha dastlabki hisob-kitob. Afg‘oniston tomoni Qandahor hududida Pokiston harbiy posti egallanganini bildirgan va janglar davom etayotganini ma’lum qilgan.
Pokiston tomoni esa o‘tgan hafta davomida Afg‘onistonning Nangarhar viloyatidagi “Tolibon” harbiy ob’ektlariga havo zarbalari berganini ma’lum qilgan. Islomobod rasmiylari bu amaliyotlar Pokistonga qarshi hujumlar uyushtirayotgan jangarilarga javoban o‘tkazilganini aytgan.
Afg‘oniston esa, o‘z navbatida, Pokiston kuchlarini tinch aholiga zarba berishda ayblamoqda. Pokiston bu ayblovlarni rad etgan.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, mojaro oqibatida afg‘onistonda qariyb 16 400 oila o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Chegara hududlarida harakatlanish cheklangani sababli gumanitar yordam yetkazish ham qiyinlashgan. Tashkilot tomonlarni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan.
Qayd etilishicha, bu to‘qnashuv so‘nggi yillarda ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi eng yirik harbiy keskinlashuvlardan biri sifatida baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘oniston harbiylari Pokistondagi yadroviy ob’ektga hujum qilgandi.
Live
Barchasi