Afg‘oniston qamoqxonalaridagi mahkumlar soni ochiqlandi
Olam
−
18 Oktabr
6656Afg‘oniston qamoqxonalarida 12 mingga yaqin erkak va kamida 1 ming ayol ushbu mamlakat sudlari tomonidan aybdor deb topilib, jazo muddatini o‘tamoqda. Bu haqda Afg‘onistondagi "Tolibon" muvaqqat hukumatining qamoqxonalar boshqarmasi bosh direktori Muhammad Yusuf Mastriga tayanib, “Ariana News” xabar berdi.
Mastrining aytishicha, mamlakat qamoqxonalarida turli jinoyatlarni sodir etgan 100 nafar xorijlik fuqaro ham saqlanmoqda. Turli jinoyatlarda gumonlanayotgan taxminan 12 ming shaxs hibsga olingan va ularning ishi bo‘yicha sud hukmi hali chiqarilmagan.
Shuningdek, Afg‘oniston fuqarolarini chet el qamoqxonalaridan vataniga olib kelish bo‘yicha muvaqqat hukumatning tashqi va ichki ishlar hamda adliya vazirligi, oliy sud va qamoqxonalar ma’muriyati vakillaridan iborat qo‘mita tuzilgan. Ushbu qo‘mita sa’y-harakatlari natijasida Xitoydan ikki, Quvaytdan uch, Yamandan ikki va Erondan yana 158 nafar mahbus Afg‘onistonga olib kelingan.
Bundan tashqari, Yusuf Mastri Afg‘oniston qamoqxonalarida qiynoqlar yo‘qligini ta’kidlagan. U qamoqxonalar boshqarmasi BMTning inson huquqlari bo‘yicha guruhlariga, jumladan, ayollar qamoqxonalariga ham kirish imkoniyati yaratilishini bildirgan. Shuningdek, Mastri barcha mahbuslar, ayniqsa, ayollar uchun diniy, zamonaviy, kasbiy va sport ta’limi sohasida yaxshi shart-sharoitlar yaratilganini, ko‘plab kasbiy instruktorlar qamoqxonalarda dars berayotganini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati ayollarga erkaklarga qarashni, jamoat joylarida va uyda baland ovozda gapirishni taqiqlagan edi. Unga ko‘ra, ayollar begona erkaklarga qaramasligi va ularga gapirishdan tiyilishi lozim. Shuningdek, ular “o‘zgalarni vasvasaga solmasligi va bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun” yuzlarini berkitishi kerak. Afg‘on ayollariga ovozlari tashqariga eshitilmasligi uchun uy ichida baland ovozda gaplashish ham man etilgan. Yangi qoidalarga qarshi chiqqan ayollar hibsga olinishi belgilangan.
LiveBarchasi