Afg‘oniston bolalarni emlash uchun masjidlardan foydalanadi
Olam
−
29 Oktabr
1735Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining sog‘liqni saqlash vazirligi bolalarni poliomiyelitga qarshi emlash bo‘yicha uch kunlik kampaniya doirasida masjidlardan foydalanishga qaror qildi. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi Sharafat Zamon ma’lum qildi.
Uning aytishicha, bolalarni ommaviy emlashning birinchi bosqichi mamlakatning 16 viloyatida amalga oshiriladi va unda besh yoshgacha bo‘lgan 6,2 million nafar bola qamrab olinadi.
“Vazirlik oilalarga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida an’anaviy uydan uyga emlash usulidan voz kechdi. Bu safar bolalar tibbiy punktlar va masjidlarda tashkil etilgan markazlarda emlanadi”, dedi Sharafat Zamon.
Shuningdek, poliomiyelitga qarshi kurash kampaniyasi samarali amalga oshirilishi uchun mahalliy oqsoqollar, ulamolar va jamoat yetakchilaridan shifokorlarga yordam berish so‘ralmoqda. Bu yondashuv poliomiyelitga qarshi emlash ishlarini olib borayotgan tibbiy xodimlar uchun ham, kichik bemorlarning ota-onalari uchun ham yangilik.
“Avval biz har bir uyga kirib emlash ishlarini olib borar edik, ammo endi bu yondashuv masjiddan masjidga, hududdan hududga o‘tmoqda”, dedi shifokor Sharifa Rezaiy.
O‘z navbatida, emlash bo‘yicha jamoalardan birining rahbari Said Ruhulla Ibrohimiy barcha oilalardan bolalarini bepul tibbiy xizmat uchun yaqin atrofdagi masjidlarga olib borishni so‘ragan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil boshidan mamlakatda poliomiyelit bilan zararlanishning birorta holati qayd etilmagan.
Ma’lumot uchun, poliomiyelit (bolalar falaji) – asosan bolalarda uchraydigan, nerv tizimini shikastlaydigan, virus sababli kelib chiqadigan o‘ta yuqumli kasallik. Bu kasallik poliovirus deb nomlangan virus orqali yuzaga keladi va asosan ifloslangan oziq-ovqat va suv orqali yuqadi. Ayrim hollarda bemorlarning burun va og‘iz suyuqliklari orqali ham yuqishi mumkin.
Poliovirus asab tizimini zararlab, mushaklarning falajlanishiga olib keladi. Ko‘pincha oyoq-qo‘llar harakatsizlanib, bemor yurish, harakat qilish qobiliyatini yo‘qotishi mumkin. Og‘ir holatlarda nafas olish uchun javobgar bo‘lgan mushaklar ham falajlanib, o‘limga sabab bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yaqin kunlarda G‘azo sektorida poliomiyelitga qarshi emlash rejalashtirilgani sabab Isroil va HAMASni harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirgandi.
LiveBarchasi