Adliya vaziri: “Ishchi tili – rus tili, ilojimiz yo‘q”

Jamiyat 8898
image

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portaliga joylashtirilayotgan qonun va qaror loyihalarining ko‘p qismi nima uchun davlat tilida yozilmagan? Bu kabi savol bilan "Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash - xalq farovonligi va davlat taraqqiyotining kafolati" mavzusida munozara klubining yig‘ilishida Adliya vaziri Ruslanbek Davletovga murojaat qilindi. Uning fikricha, hujjatlarning o‘zbek tilida bo‘lishi – to‘g‘ri talabdir. 

“O‘zbek tili – davlat tili. Adliya vazirligiga kelayotgan hujjat o‘zbek tilida bo‘lmasa, bunga juda keskin munosabat bildiriladi. 

Birinchidan, loyihaning o‘zi ekspertizaga qabul qilinmaydi. Idoraviy hujjatlar o‘zbek tilida bo‘lishida 100 foiz ta’minlanyapti. Hech qanday istisno yo‘q. Qonunlar ham o‘zbek tilida bo‘lyapti. Loyiha haqida aytyapsiz. Portalga qo‘yilganda o‘zbek tilida bo‘lishiga talab qo‘yyapmiz. 90 foizi o‘zbek tilida bo‘lmoqda”, deydi Davletov. 

Vazirning ma’lum qilishicha, qabul qilinayotgan hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazishda xorijlik mutaxassislar ham ish olib bormoqda. Shu bois hujjatlar boshqa tillarda ham qabul qilinishi mumkin. 

“Mana biz fuqarolik kodeksini ishlab chiqyapmiz. 10dan ortiq xorijlik mutaxassislar ishlamoqda. Ishchi tili – rus tili, ilojimiz yo‘q. Avvalari normativ-huquqiy hujjatlarni o‘zbek tilida bo‘lishini talab qilishardi. Hozir endi loyihani talab qilishni boshlashdi. Bu to‘ppa-to‘g‘ri talab. Biz ham shunga intilyapmiz. Buni yanada nazoratga olamiz. Siz o‘ylaganni biz 10 barobar ko‘p o‘ylaymiz. Lekin bizda davlat tilini Adliya vazirligi nazorat qilmaydi. Bunda bizda vakolat yo‘q”, deydi Ruslan Davletov.

Bahodir Ahmedov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 229
Reyting: 3
t
×