Abituriyentlar imtihon uchun bir necha marta to‘lov qilishi kerakmi? DTM izoh berdi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish uchun bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari (122 ming 500 so‘m) miqdorida to‘lovni amalga oshirishlari kerak.

To‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirmagan abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tmagan hisoblanadi va test sinovlariga qo‘yilmaydi.

Shu sababli Davlat test markazi tomonidan abituriyentlarga eslatma sifatida 22 iyulga qadar to‘lovni amalga oshirmagan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok eta olmasliklari haqida SMS xabarnoma yuborildi.

Lekin ijtimoiy tarmoqlarda mazkur holat boshqacha talqin qilinib, “Necha marta to‘lov qilish kerak?”, “To‘lov qilingan bo‘lsa-da, nega yana to‘lov qilish so‘ralmoqda?” kabi fikrlar bildirildi.

Ushbu holat yuzasidan Davlat test markazi rasmiy ma’lumot berdi. 

Unga ko‘ra, 21-22-iyul kunlari O‘zbekistonda dam olish kunlari, deb e’lon qilinganligi sababli bank kassalari ishlamasligi mumkinligini inobatga olgan holda Davlat test markazi tomonidan 19 iyul kuni test sinovi uchun to‘lovni amalga oshirish bo‘yicha e’lon berilgan va 20 iyul kuni eslatma sifatida abituriyentlarga SMS xabar yuborilgan. 

Shuningdek, Davlat test markazining abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish tizimi (my.dtm.uz sayti) yagona billing tizimiga integratsiya qilingan bo‘lib, oldingi yillar bitiruvchilariga invoys shakllantiriladi. Bitta invoys raqamiga belgilangan miqdor (122 ming 500 so‘m) dan ortiq to‘lovni amalga oshirish imkoni mavjud emas. Ya’ni abituriyent to‘lovni to‘liq amalga oshirgan bo‘lsa, mazkur invoys raqamiga boshqa to‘lov qilib bo‘lmaydi. Buning natijasida abituriyentlar tomonidan ortiqcha to‘lov qilinishining oldi olinadi.

Eslatib o‘tish joizki, ro‘yxatga olish jarayoni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat test markazining my.dtm.uz sayti orqali amalga oshirilmoqda va ertaga, 22 iyul kuni tugaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

682

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing