Dunyo birinchilari: Fazoga nomini muhrlagan ayol
Bu qiziq
−
25 fevral 2019
21343“Osmon, shlyapangni ol, men yo‘ldaman, boryapman...”
Bu yangroq va matonatli so‘zlar buyuk jasorat egasi hisoblanmish kosmonavt va muhandis Valentina Tereshkovaning kosmosga ilk safari vaqtida aytilgan.
U 1937 yil 6 mart sanasida Rossiyaning Yaroslavl viloyati Maslennikovo qishlog‘ida tavallud topgan. Otasi traktor haydovchisi, onasi tekstil xodimi bo‘lib ishlagan. Ilk bor 1945 yilda maktabga borgan, 16 yoshida vaziyat maktabni tark etishni taqozo qilgan bo‘lsa ham, u maxsus kurslar yordamida o‘qishni mustaqil davom ettiradi. Bolaligidanoq parashyutlarga qiziqib kelgan. Keyinchalik mahalliy Aeroklublardan birida parashyutlarda uchish mashg‘ulotlari bilan shug‘ullangan.
Tekstil xodimi sifatida ishga yollangan bir vaziyatda u o‘zining tajribasi sabab Sovet Ittifoqining kosmonavtlar jamoasiga qabul qilinadi. Yuriy Gagarinning parvozidan keyin kosmik muhitning ayol tanasi va ruhiga ta’sirini o‘rganish maqsadida 6 oylik dastur ishlab chiqiladi. Bu dastur uchun 400 nafar nomzodlar orasidan Tereshkova birinchi beshtalikka kirish baxtiga muyassar bo‘ladi. O‘qitish jarayonlari +70 daraja issiq haroratda olib borilgan bo‘lib, bu har bir ishtirokchi uchun katta mashaqqat tug‘dirgan.
O‘ziga xos jasorat va ilg‘orligi bois Valentina Tereshkova 1963 yilning 16 iyun sanasida Vostok-6 kosmik kemasida yakkaxon missiyani amalga oshirish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Bu kema Qozog‘istonning hozirgi “Baikonur” kosmodromida ishga tushirilgan. Tereshkovaning parvozi fazoga uchib ketgan boshqa Amerika astranavtlariga nisbatan uzoqroq davom etgan. U Vostok-6 kosmik kemasida 2 kun 22 soat va 41 daqiqa davomida 1.97 mln kilometr masofada parvoz qilgan. Bu jarayonda u Yerni 49 marta aylandi va bu jahon hamjamiyati uchun tarixiy kun bo‘lib qoldi. Yuriy Gagarin kosmosga qadami yetgan birinchi odam bo‘lib tarixda qolgan bo‘lsa, bu parvoz Valentina Tereshkova tarixdagi birinchi ayol kosmanavt sifatida tanilishida asos bo‘ldi.
U o‘z taassurotlarini quyidagi fikrlari orqali izohlagan:
“Kosmosda bo‘lganingizdan keyin, Yerning qanchalik kichik va nozik ekanini tushunasiz. Siz xavf haqida o‘ylamasangiz, samolyot sizning uyingizga aylanadi. Kosmosda bir marta bo‘lgan inson hayotining qolgan qismini astoydil sevadi. Jahon hamjamiyati ayollarning katta rolini inkor eta olmaydi. Mening bu parvozim ayollarning hissasini yana ham oshirishda bir turtki bo‘ldi”.
Birinchi yakkaxon kosmik missiya amalga oshirilgan yili Tereshkova uchinchi sovet kosmonavti Andrian Nikolayevga turmushga chiqqan. Bu butun jahonda birinchi kosmonavtlar juftligi edi. 1984 yilda u dunyoda birinchi ota-onasi kosmanavtlar bo‘lgan qizaloq Yelenani dunyoga keltirgan.
Valentina Tereshkova o‘zining mazmunli va muvafaqqiyatli hayoti davomida katta yutuqlarga erishdi. Astronomiya bilan bir qatorda, u siyosiy jabhalarda ham jonbozlik ko‘rsatib kelgan. Shuningdek, 20 dan ortiq mamlakat miqyosida, 15 ta xalqaro darajada, ilmiy, ijtimoiy va diniy tashkiliotlarning orden, unvon va maxsus mukofotlari hamda 15 ta shahar va davlatlarning faxriy fuqaroligini qo‘lga kiritgan. Bugungi kunda turli joy va obidalar qatorida bir oylik krater (Tereshkova) hamda kichik sayyora uning nomi bilan atab kelinmoqda.
Har kimning ham dilida ich-ichidan asragan, erishishni juda-juda istagan bir go‘zal orzusi bo‘ladi. Tereshkova bu haqida Sergey Korolevga aytib o‘tgan. Dunyoning birinchi ayol fazogirining sevimli sayyorasi mavjud, u qachon bo‘lsa ham Marsga parvoz qilishni astoydil niyat qilgan: “Men Marsga uchib ketishdan zavqlanardim. Bu mening kosmonavt sifatidagi birinchi va eng katta orzum. Buni amalga oshirishni xohlayman. Men qaytib kelmasdan uchishga tayyorman”.
2015 yilda yaratilgan “Valentinaning orzusi” deb nomlangan qisqa metrajli filmda Rebekka Front tomonidan uning obrazi yaratilgan va unda ham Valentina Marsga safar qilish orzusi haqida so‘z boradi.
Bu shonli umr unga bir necha bor dunyo birinchilaridan bo‘lishlik baxtini nasib etgan. Valentina Tereshkova – dunyoning birinchi ayol fazogiri, dunyoning birinchi kosmonavtlar juftligi hamda Sovet armiyasining birinchi ayol generali bo‘lgan.
LiveBarchasi