Abdumalik Xalokov WBC kamari uchun jang qiladi
Sport
−
07 mart
6116Parij-2024 Olimpiadasi g‘olibi va profboksda ham muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik bokschi Abdumalik Xalokov Butunjahon boks uyushmasi (WBC) va Saudiya Arabistonining “Riyadh Season” tashkiloti tomonidan hamkorlikda o‘tkaziladigan boks turnirida ringga ko‘tariladi. Bu haqda bokschining o‘zi Instagram sahifasida ma’lum qildi.
“WBC turnirida qatnashaman. 5 ta jang kamar uchun bo‘lib o‘tadi. Kamarni O‘zbekistonga olib kelishga harakat qilaman”, deb yozdi Xalokov.
Ma’lum bo‘lishicha, Xalokov qatnashadigan turnirda profboksda hali 10 ta jang o‘tkazmagan charm qo‘lqop ustalari ishtirok etadi. Musobaqa 4 ta vaznda o‘tkaziladi, bahslar 1/16 finaldan boshlanadi. Finalgacha janglar 6 raund, hal qiluvchi bellashuvlar esa 8 raunddan o‘tkaziladi.
Fevral oyi oxirida 25 yoshli Xalokov Ispaniyaning Sevilya shahrida ringga ko‘tarilib, venesuelalik Marlembron Akunyadan ustun kelgandi. Yarim yengil vazn toifasida faoliyat olib boruvchi O‘zbekiston vakili raqibini 6 raundlik jangning 3-raundidayoq raqibini texnik nokautga uchratdi.
Ma’lumot uchun, havaskor boksda jahon va Olimpiada chempioni hisoblangan Xalokov hozirgacha profboksda 2 ta jang o‘tkazib, har ikki jangda g‘alaba qozongan.
LiveBarchasi