Abdulla II Samarqandda tantanali kutib olindi
Jamiyat
−
26 avgust 5006 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn davlat tashrifi bilan Samarqandda bo‘lib turibdi. Bugun, 26 avgust kuni Samarqand shahrida tashrifning asosiy tadbirlari Iordaniya rahbarini rasmiy kutib olish marosimidan boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Kongress markazi binosi oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston Prezidenti oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif etdi. Harbiy orkestr ikki mamlakat davlat madhiyalarini ijro etdi. O‘zbekiston Prezidenti va Iordaniya Podshohi faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiya a’zolarini qutladi.

Sammit kun tartibidan siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, kimyo, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, konchilik va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish masalalari o‘rin olgan. Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashiladi. Muzokaralar yakunida ikki tomonlama bitimlar to‘plami imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Abdulla II ibn al-Husayn kecha, 25 avgust kuni davlat tashrifi bilan Samarqandga kelgandi. Samarqand shahri aeroportida Iordaniya Podshohini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Keyin Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadimiy Samarqand shahrining ulug‘vor tarixiy obidalari bilan tanishdi. Yetakchilar kechqurun Samarqand xalqaro turizm markazidagi "Boqiy shahar" tarixiy-etnografik majmuasini ham borib ko‘rdi.
Live
Barchasi