Abdulla Aripov sel, toshqin va ko‘chki xavfi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi
Jamiyat
−
30 yanvar 2023
7396O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sel oqimlari, toshqinlar va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Bosh vazir Matbuot xizmati xodimi Bekzod Hidoyatov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, “O‘zgidromet”ning shu haftadan havo harorati kunduzi +10 darajagacha va kechalari +3 darajagacha ko‘tarilishi, hatto, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 2-7 daraja iliq bo‘lishi kutilayotgani haqidagi ma’lumotlariga tayanib, bunday harorat qor va muzlar erishini tezlatishi, sel, ko‘chki va suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimolini yanada kuchaytirishi aytildi.
“Yig‘ilishda mavjud holat hududlar kesimida chuqur tahlil qilinib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy hodisalarning oldini olish va bartaraf etish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar hamda hokimliklar rahbarlariga topshiriqlar berildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlariga asosan sel oqimlari, toshqinlar va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha doimiy shtab tashkil etildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, davlat rahbarining 2022 yil 18 noyabrdagi 426-son qaroriga asosan Toshqinga qarshi Hukumat hamda hududiy komissiyalar tuzilgan va ularning asosiy vazifasilari belgilangan.
“Vazirlar Mahkamasida o‘tgan yig‘ilish bayoni bilan ushbu Komissiya a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududlariga biriktirildi”, deya qo‘shimcha qilinadi hukumat xabariga.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan 2022 yilning qish mavsumida yog‘gan qalin qor erishi hamda kuchli yomg‘ir yog‘ishi ortidan “O‘zgidromet” fevral-mart oylari davomida muttasil sel kelish xavfidan ogohlantirib kelgan edi. Shunday bo‘lsada respublikaning bir qancha viloyatlariga, ularning tog‘li hududlariga kuchli sel kelgan va hududlar katta talofatga uchragan edi.
LiveBarchasi