Abdulla Abduqodirov lavozimidan ozod etildi
Jamiyat
−
10 iyul 9006 1 daqiqa
Bugun, 10 iyul kuni Abdulla Mamasaatovich Abduqodirov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori vazifasini bajaruvchisi lavozimidan ozod etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tegishli farmonni imzoladi.
Ma’lumot uchun, Abdulla Abduqadirov Mamasaatovich 1961 yil 19 fevralda Toshkent shahrida tug‘ilgan bo‘lib, 1982 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlagan. Abduqodirov iqtisodiyot fanlari doktori, iqtisodiyot sohasida ko‘p yillik tajribaga ega mutaxassis hisoblanadi.
Mehnat faoliyatini Fanlar akademiyasi Iqtisod institutida ilmiy xodim sifatida boshlagan. Keyinchalik Moliya vazirligida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan, jumladan vazir o‘rinbosari va vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Shuningdek, Davlat mulk qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, Qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish va takomillashtirish markazi bosh direktori lavozimlarida ishlagan. Faoliyati davomida xususiy sektor va bank tizimida ham ishlagan, xususan ABN AMRO bankining O‘zbekistondagi filialida boshqaruv raisi o‘rinbosari, Infinbank kuzatuv kengashi a’zosi bo‘lgan.
So‘nggi yillarda investitsiyalar va strategik rivojlanish yo‘nalishida faoliyat yuritib kelmoqda. 2020–2022 yillarda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri maslahatchisi bo‘lib ishlagan.
2022 yil dekabridan agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Prezidentning joriy yil 12 maydagi farmoni bilan Abdulla Abduqodirov Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.
Live
Barchasi