Abbos Italiyaga ketadimi? – Sport dayjesti

Sport

“Roma”ning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan Eldor Shomurodov murabbiysiz qoladigan bo‘ldi. O‘zbek futbolining yorqin fenomeni hisoblangan Abbosbek Fayzullayev Shomurodov ortidan Italiyaga ketishi mumkin. Yevropada mavsum yakunlamoqda, ammo Italiya chempionatida yaxshigina intriga mavjud. Hafta sportining muhim voqealari bilan QALAMPIR’da sport dayjesti.

Fayzullayev yozda Italiyaga ketadi – manba

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Rossiyaning SSKA klubi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev faoliyatini Italiya A Seriyasida davom ettirishi mumkin. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, joriy mavsum yakunidan so‘ng Abbosbek Fayzullayev hozirgi jamoasini tark etib, Italiya klubiga yo‘l olishi mumkin. Hozirda ushbu mamlakatning bir nechta jamoalaridan takliflar bor va ular o‘rganib chiqilmoqda. Biroq mazkur jamoalar nomi oshkor qilinmadi.

Ma’lumot uchun, Abbosbekning SSKA bilan tuzgan shartnomasi kelasi yilning yozida yakunlanadi. 21 yoshli futbolchi joriy mavsum 37 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Uning hisobida 3 ta gol va 7 ta golli uzatma bor. “Transfermarkt” nashri futbolchini 8 million yevroga baholagan. 

Yamalga “Barselona”da yangi raqam beriladi

Ispaniyaning “Barselona” klubi futbolchi Lamin Yamalga afsonaviy 10-raqami topshiriladi. Bu haqda “Memorabilia1899” xabar berdi.

Yangi raqam futbolchiga 18 yoshga to‘lganidan so‘ng, ya’ni 13 iyuldan keyin beriladi. Hozirda bu raqam Ansu Fati nomiga rasmiylashtirilgan. Manbaga ko‘ra, Yamalga 10-raqam topshirilishi Fati klubda qolish yoki qolmasligidan qat’i nazar amalga oshiriladi.

Klub rahbariyati bu qaror savdo hajmi, ayniqsa atributika sotuvini oshiradi degan umidda. Bungacha ispan nashrlari “Barselona” Yamal bilan maosh oshirishni nazarda tutuvchi yangi uzoq muddatli shartnoma ustida ishlayotgani haqida xabar bergan.

Ma’lumot uchun, klub tarixida 10-raqamga Lionel Messi, Diyego Maradona, Ronaldino, Rivaldo, Romario kabi futbol afsonalari ham egalik qilgan.

Lamin Yamal 2023 yildan beri “Barselona” safida to‘p surmoqda. Shu vaqt ichida u ikki karra Ispaniya chempioni bo‘ldi, mamlakat Kubogi, Superkubogini qo‘lga kiritdi va Ispaniya terma jamoasi tarkibida 2024 yilgi Yevropa chempionligini nishonladi. Joriy mavsumda Yamal klub va terma jamoa safida jami 59 o‘yinda maydonga tushib, 19 ta gol urdi.

“Oltin to‘p” mukofotining qachon va qayerda berilishi ma’lum bo‘ldi

Yilning eng yaxshi futbolchisiga topshiriladigan  “Oltin to‘p” (“Ballon d’Or”) mukofoti marosimi joriy yilning 22 sentyabr kuni Fransiyaning Parij shahridagi “Shatle” teatrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda mukofotning rasmiy sahifasi orqali e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, nomzodlar ro‘yxati 6 avgust kuni e’lon qilinadi.

Ma’lumot uchun, mazkur mukofot ilk bor 1956 yilda “France Football” jurnali bosh muharriri Gabriel Ano tashabbusi bilan ta’sis etilgan. Avvaliga mukofot faqat Yevropa futbolchilariga berilgan, 1995 yildan boshlab esa Yevropa klublarida to‘p surayotgan har qanday millat vakili uni qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan. 2007 yildan esa “Oltin to‘p” istalgan jahon futbolchisiga berilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili “Oltin to‘p” mukofotiga Ispaniya terma jamoasi va “Manchester Siti” klubi yarim himoyachisi Rodri sazovor bo‘lgan edi. U 2023/24-yilgi mavsumda Yevropa chempioni bo‘lish bilan birga, musobaqaning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. Shuningdek, u “Manchester Siti” bilan Angliya chempionligini ham qo‘lga kiritgan edi.

“Roma” va “Shoma” “Milan”ni mag‘lub etdi

Kecha, 18 may kuni “Roma” Italiya A Seriyasining 37-turi doirasida o‘z maydonida “Milan” ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov mazkur bahsda 84 daqiqa harakat qildi.

Uchrashuv Rimdagi “Olimpiko” stadionida bo‘lib o‘tdi va 3:1 hisobida “Roma” foydasiga yakunlandi. Hisob uchinchi daqiqada rimliklar himoyachisi Janluka Manchini tomonidan ochildi. 39-daqiqada “Milan” hujumchisi Joau Feliks hisobni tenglashtirdi. Biroq 58-daqiqada yarim himoyachi Leandro Paredes “Roma”ni yana oldinga olib chiqdi, 87-daqiqada esa Brayn Kristante hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi.

Qayd etish joiz, “Milan” 21-daqiqadan boshlab bir o‘yinchi kam bo‘lib harakat qildi – Santyago Ximenes qizil kartochka olib, maydonni tark etdi.

Mazkur g‘alabadan so‘ng “Roma” ochkolarini 66 taga yetkazib, turnir jadvalining 5-pog‘onasida bormoqda. “Milan” esa 60 ochko bilan 9-o‘rinda joylashgan. Bu Rim klubi ustozi Klaudio Ranerining jamoa boshqaruvida o‘tkazgan so‘nggi uy o‘yini bo‘ldi. U mavsum tugaganidan so‘ng murabbiylik faoliyatini yakunlaydi.

Kichik Krishtianu ilk sovrinini qo‘lga kiritdi

Besh karra “Oltin to‘p” sohibi Krishtianu Ronalduning o‘g‘li kichik Krishtianu Ronaldu Portugaliya terma jamoasi safida ilk sovrinini qo‘lga kiritdi. Uning sovrin bilan tushgan surati X’dagi TCR sahifasida e’lon qilindi.

14 yoshli futbolchi yaqinda ilk bor Portugaliyaning 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar terma jamoasiga chaqiruv oldi. Ular xalqaro turnir finalida Xorvatiya bilan to‘qnash keldi va uchrashuv portugaliyaliklarning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Kichik Ronaldu o‘yinning 13- va 44-daqiqalarida gol urib, jamoasining g‘alabasiga muhim hissa qo‘shdi.

Bu gollar kichik Ronaldu uchun xalqaro miqyosdagi ilk gollar bo‘ldi va u atigi bir necha kun avval terma jamoadagi debyutini nishonlagandi. Guruh bosqichidagi Yaponiya ustidan 4:1 hisobida qozonilgan g‘alabada u 54-daqiqada zaxiradan maydonga tushirilgan.

Mazkur o‘yindan so‘ng otasi Krishtianu Ronaldu Instagram sahifasida o‘g‘lini tabrikladi.

“Portugaliya safidagi debyuting bilan tabriklayman, o‘g‘lim. Men sen bilan juda faxrlanaman!” deb yozdi u.

Tarixdagi eng yaxshi futbolchilar e’lon qilindi

Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi (IFFHS) argentinalik hujumchi Lionel Messini barcha davrlarning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etdi. Bu haqda federatsiya tomonidan tuzilgan reytingda keltirilgan.

Reytingda ikkinchi o‘rinni braziliyalik afsona Pele egalladi, uchinchi pog‘onaga yana bir argentinalik futbolchi Diyego Maradona joylashtirildi.

Messining eng ashaddiy raqobatchisi, futbol tarixidagi rasmiy o‘yinlarda eng ko‘p gol urgan portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu bu ro‘yxatda to‘rtinchi o‘rindan joy oldi.

Shuningdek, kuchli o‘nlikdan quyidagi futbolchilar ham o‘rin oldi:

Yoxan Kroyff (Niderlandiya) – 5-o‘rin;
Ronaldo (Braziliya) – 6-o‘rin;
Zinedin Zidan (Fransiya) – 7-o‘rin;
Frans Bekkenbauer (Germaniya) – 8-o‘rin;
Alfredo Di Stefano (Argentina/Kolumbiya/Ispaniya) – 9-o‘rin;
Ronaldino (Braziliya) – 10-o‘rin.
Shu bilan birga, SSSR terma jamoasi va Moskvaning “Dinamo” klubining sobiq darvozaboni Lev Yashin IFFHS talqiniga ko‘ra barcha davrlarning eng yaxshi darvozaboni deb e’lon qilindi.

IFFHS tuzgan reytingda ikkinchi o‘rinni italiyalik Janluiji Buffon, uchinchi o‘rinni esa germaniyalik Manuel Noyer egalladi.

Kuchli o‘nlikdan shuningdek, ispanlar Iker Kasilyas (4-o‘rin) va Rikardo Samora (9), ingliz darvozaboni Gordon Benks (5), chex Petr Chex (6), italiyalik Dino Dzoff (7), nemis darvozabonlari Zepp Mayer (8) va Oliver Kan (10) ham o‘rin oldi.

Ma’lumot uchun, Lev Yashin futbol tarixida darvozabonlar orasida “Oltin to‘p” (1963 yilda) mukofotini qo‘lga kiritgan yagona futbolchi sanaladi. FIFA tomonidan u 20-asrning eng yaxshi darvozaboni sifatida ham tan olingan.

Yashin butun futbolchilik faoliyatini Moskvaning “Dinamo”sida o‘tkazgan. U SSSR terma jamoasi safida 74 ta o‘yinda maydonga tushgan, 1956 yilgi Olimpiya chempioni va 1960 yilgi Yevropa chempionati g‘olibi bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Barselona Krishtianu Ronaldu futbol Oltin to'p Eldor Shomurodov Italiya A Seriyasi Abbosbek Fayzullaev Lamin Yamal

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing