A320neo samolyotining o‘ziga xosligi nimada?
Bu qiziq
−
28 iyul 2023
6575Joriy yilning 27 iyul kuni poytaxt aeroportida navbatdagi A320neo nomli samolyot qabul qilib olindi. 186 kishiga mo‘ljallangan mazkur samolyotning boshqa havo kemalariga qaraganda energiya sarfi 15 foizga tejamkor bo‘lib, karbonat angidrid moddasini esa xalqaro me’yordan 50 foizga kamroq ishlab chiqaradi. Xo‘sh, bunday tariflarga ega bo‘lgan samolyot qanday ko‘rinishda, uning ichki hamda tashqi o‘lchamlari boshqa havo laynerlaridan farq qiladimi? QALAMPIR.UZ sizga shular haqida so‘zlab beradi.
Mazkur havo kemasini ishlab chiqaruvchi kompaniya taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Airbus A320neo laynerining uzunligi 37,6 m bo‘lib, uning bo‘yi 11,8 metrga teng. Qanotlari uzunligi 35,8 m, kenglik qamrovi esa 122,4 metr kvadratdan iborat. Shuningdek, maksimal yuk bilan parvoz masofasi 6850 kilometrni, parvoz jarayonidagi ko‘rsatilgan eng yuqori balandligi esa 12 ming metrni tashkil etadi. Havo kemasi 890 km/soat tezlikkacha chiqa oladi. “O‘zbekiston havo yo‘llar” Aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati xodimi Jamoliddin Hamdamovning so‘zlariga ko‘ra, bu samolyot boshqalariga qaraganda 15 foizga kamroq energiya sarflashi bilan birga, boshqaruvda ham ancha qulay.
“Bu samolyot energiyani kam sarflashi bilan ajralib turadi. Hozirda bu havo kemasida 186 ta o‘rin bo‘lib, ularning hammasi ”ekonom“ toifaga ega. Kelajakda bu o‘rinlarni 138 ta ”ekonom“ va 12 ta ”biznes klass“ga mo‘ljallab konfiguratsiya qilmoqchimiz. Hozircha faqat mahalliy qatnovlarni amalga oshirilsa, yaqin kelajakda xalqaro qatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Yana bir o‘ziga xos tomoni shamollatish tizimida bo‘lib, u texnik jihatdan mukammal jihozlangan”, deydi u.
Aksiyadorlik jamiyati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu havo layneridan yil oxiriga qadar yana bir nechtasi qabul qilib olinadi. Bu yili hisobida birinchisi 16 iyun kuni O‘zbekistonga yetib kelgan va darhol parvozlar jadvaliga kiritilib, xalqaro va mahalliy yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshirgan.
Mazkur kompaniyada ishlovchi styuardessalardan birining so‘zlariga ko‘ra, bu turdagi samolyot yo‘lovchilar uchun ancha qulay bo‘lib, havo kemasining saloni ichida qiyinchiliksiz, erkin harakatlanish mumkin. Shuningdek, yangi A320neo samolyoti bort kuzatuvchilari uchun ham ancha qulayligini ta’kidladi. Bundan tashqari, u ish jarayonida yo‘lovchilar bilan muloqotda qanday vaziyatlarga duch kelgani to‘g‘risida so‘zlab berdi.
“Har safar, albatta, har xil yo‘lovchilar chiqadi. Biz ularning kayfiyatiga qarab muomala qilamiz. Ularning ichida, albatta, injiq yo‘lovchilar ham bor. Hali shu paytgacha qiyinchiliklarga duch kelmadim. Bizni yo‘lovchilarimiz har doim faol. Oxirgi paytda bizda eng katta yangiliklardan biri mana bugun kelib qo‘ngan A320neo samolyoti bo‘lib, bu kompaniya uchun katta yutuq hisoblandi. Yanada bundan keyin yangi samolyotlar ko‘payishini xohlagan bo‘lar edim”, deydi u.
Ma’lumot uchun, 2010 yilning 1 dekabrida Airbus kompaniyasi A320 rusumidagi samolyotni takomillashtirish va A320neo samolyotlarini ishlab chiqarish to‘g‘risida rasman e’lon qilgandi. Ilk parvoz esa 2014 yilning 25 sentyabrida amalga oshirilgan.
LiveBarchasi