Aholiga “suv – tekin emas” g‘oyasini singdirish kerak – Mirziyoyev
Jamiyat
−
17 noyabr 2023
8392Yaqin yigirma yilda Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foiz kamayishi kutilmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida bo‘lib o‘tayotgan Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilishda aytib o‘tdi.
Yig‘ilishda davlat rahbari viloyatda suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish kengaytirilayotgani, lekin bu yetarli bo‘lmayotganini qayd etgan. Hozirgi kunda Surxondaryoda 80 foiz yerlar nasos orqali sug‘orilishi, biroq 52 ta nasosning xizmat muddati 40 yildan oshgani ta’kidlangan.
Oqibatda, suv tannarxi 2 barobar qimmatga tushayotgani va yiliga 20 million kilovatt/soat elektr behuda sarflanayotgani, yana 20 ming gektarda suv ta’minoti yomonlashgani aytilgan.
Shuningdek, 1 ming 700 kilometr sug‘orish tarmog‘ining yarmi tuproq o‘zanli bo‘lgani uchun 35 foiz suv yo‘qotilayotgani ta’kidlangan.
"Suv – tekin emas", degan g‘oyani aholiga chuqur singdirish, uni mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar va keng jamoatchilik bilan birga kundalik turmush qoidasiga aylantirish asosiy vazifa bo‘lishi lozim", degan Prezident.
Majlisda mutasaddilarga 47 ta kanalni betonlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqish, suv yo‘qotilishi ko‘p bo‘lgan 6 ta kanalni ta’mirlash, kelgusi yilda “Sherobod magistral” kanalini ta’mirlashga 60 million dollar jalb etib, 90 ming gektar yerlarni tiklash bo‘yicha topshiriq berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev “Tolibon” tomonidan qurilayotgan Qo‘shtepa kanali bo‘yicha xavotir bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kanalning ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suv rejimi va muvozanatini tubdan o‘zgartirishi mumkin.
“Qo‘shtepa kanali qurilishining barcha jihatlarini xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda o‘rganish bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruh tuzish zarur”, degan Mirziyoyev.