Aholiga beriladigan mikroqarz miqdori ikki baravarga oshiriladi

Jamiyat

−

image

O‘zbekistonda mikroqarzlarning eng yuqori miqdori 100 mln so‘mgacha oshiriladi. Bu haqda kecha, 10 noyabr kuni “Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda mikromoliya xizmatlarining o‘rni va ulushini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2024–2026 yillarda quyidagi maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishga qaratilgan mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish dasturi amalga oshiriladi:

  • mikromoliyalash bozori hajmini kamida 5 barobarga oshirish;
  • mikromoliyaviy xizmatlar bilan 1 milliondan ortiq tadbirkorlarni qamrab olish;
  • mikromoliya tashkilotlari resurs bazasida jismoniy shaxslardan jalb qilinadigan mablag‘lar miqdorini 2 barobarga oshirish;
  • mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish orqali rasmiy daromadga ega bo‘lmagan 500 mingga yaqin shaxslarni o‘zini o‘zi band qilish va biznesni rivojlantirishga ko‘maklashish.

2024 yil 1 yanvardan:

  • mikroqarzning eng yuqori miqdori 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha oshiriladi;
  • nobank kredit tashkilotlari aksiyadorlik jamiyati yoki mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi;
  • mikromoliya tashkilotlariga norezidentlardan xorijiy valyutada qarz mablag‘larini jalb qilish hamda yuridik shaxslarga xorijiy valyutada moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat beriladi;
  • jismoniy shaxs bo‘lgan ishtirokchilardan (aksiyadorlardan) ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritilgan hissa summasining yoki ularning egaligidagi aksiyalar nominal qiymatining ikki baravaridan oshmaydigan miqdorda qarz mablag‘larini jalb etishga ruxsat beriladi;
  • mikromoliya tashkilotlari tegishli litsenziya olgan holda to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi;
  • jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan nobank kredit tashkilotining ustav kapitalidagi ulushga egalik qilish uchun Markaziy bank dastlabki ruxsatnomasini olish talabi qonunchilikda belgilangan 10 foizlik ulushni 20 foizga oshirish orqali yumshatiladi. 
  • bunda, olinayotgan ulush miqdori 10 foizdan 20 foizgacha bo‘lganda Markaziy bankni xabardor qilish tartibi joriy etiladi;
  • mikromoliya tashkilotlariga tijorat banklaridan kredit resurslari jalb etilganda yoki tadbirkorlik sub’ektlariga mikromoliya tashkilotlaridan mikrokredit olinganda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ kafilligini berish imkoniyati yaratiladi;
  • tijorat banklariga mikromoliya tashkilotlariga kredit ajratishda ularning ko‘rsatilgan mikromoliyaviy xizmatlari bo‘yicha talab qilib olish huquqini garovga olish huquqi beriladi.

2024 yil 1 aprelgacha mikromoliya xizmatlari sohasiga ixtisoslashgan yangi mikromoliya tashkiloti tashkil etiladi. 2024 yil 1 yanvargacha mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatishning normativ-huquqiy bazasi ishlab chiqiladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing