Aholi punktlarining barchasiga mobil aloqa va keng polosali internet yetib boradi
Jamiyat
−
24 dekabr 2021
6242O‘zbekistonda kelgusi yilda aholi punktlarining barchasi barchasi mobil aloqa va keng polosali internet bilan ta’minlanadi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati yozmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 24 dekabr kuni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Davlat rahbari kelgusi yilda IT xizmatlar hajmini 35 foiz oshirib, 21 trillion so‘mga yetkazish, dasturlash xizmatlarini ko‘paytirish uchun barcha imkoniyat borligini ta’kidlagan.
Sun’iy intellekt markazini ishga tushirishni jadallashtirish, xorijdan IT mutaxassislar jalb etish tartibini soddalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga kelgusi yilda IT tarmoqlar tezligini 1,8 barobar oshirish hamda 1 million qo‘shimcha keng polosali tarmoqlar o‘rnatish vazifasi qo‘yilgan. Ta’kidlanishicha, bu orqali aholi punktlarining barchasi mobil aloqa va keng polosali internet bilan ta’minlanadi.
“Prezident yangi texnologiyalar, avvalo, odamlarga xizmat qilishi, qulaylik yaratishi zarurligini ta’kidladi. Oxirgi yillarda 300 dan ortiq davlat xizmati elektron shaklga o‘tkazilib, shu yilning o‘zida ulardan 16 million marotaba foydalanilgan.
Kelgusi yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar ulushi 60 foizga yetkazilishi belgilandi”, deyiladi xabarda.
Taqdimotda fuqaro pasportining raqamli profili haqida ma’lumot berilgan. Gov Pass mobil ilovasi smartfonga o‘rnatiladi va unda pasport, diplom, mehnat daftarchasi, haydovchilik guvohnomasi kabi ko‘plab hujjatlar jamlanadi. Ya’ni, fuqaroning barcha hujjatlari doim yonida, telefonda bo‘ladi. Bu vaqt va pulni tejab, qog‘ozbozlikni kamaytirishga xizmat qiladi, ovoragarchiliklarni bartaraf etadi.
Shuningdek, taqdimotda “Xavfsiz shahar” tizimi ijrosiga doir masalalarga ham alohida e’tibor qaratilgan. 2026 yilgacha bu tizimni to‘liq joriy etish vazifasi qo‘yilgan.
LiveBarchasi