Aholi begona ayolni bola o‘g‘riligida ayblab, “samosud” qildi. O‘zbekistonda bola o‘g‘rilari bormi? (video)
3-sahifa
−
28 avgust 18460 3 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida bola o‘g‘risi sifatida gumon qilinib, mahalliy aholi tomonidan qurshovga olingan ayol tasvirlangan videolar tarqaldi. Videoda fuqarolar ayolga nisbatan sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi so‘zlar ishlatib, unga tajovuz qilgani aks etgan. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) Surayyo Rahmonova bilan bog‘landi.
Rasmiy tarzda olib borilgan o‘rganishdan ma’lum bo‘lishicha, joriy yiling 25 avgust kuni kechqurun soat 22:00 lar atrofida Quyi Chirchiq tumani “Oydinobod” MFYda yashovchi fuqarolar mazkur ko‘chada yuzi tibbiy niqob bilan to‘silgan ayol S.O.ni (1979 yilda tug‘ilgan ayol) maqsadsiz harakatlanib yurganini ko‘rgan va undan kimligini, mazkur mahallada kimni izlayotganini so‘ragan. Ayolning javobi ularda go‘yoki shubha uyg‘otgan va shuning uchun mahallada yashovchi fuqarolar ayolni ortidan ta’qib qilgan. Masalan, shu yerda istiqomat qiluvchi ikki nafar fuqaro notanish ayolning yo‘lini to‘sib, uning harakatlanishiga to‘sqinlik qilgan.
Shuningdek, mahallada yashovchi ayollar go‘yoki bola o‘g‘irlash maqsadida kelganligini vaj qilib S.O.ning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi so‘zlar ishlatgan holda uni haqorat qilgan. Mazkur holat fuqarolarning mobil telefoniga videoga olinib, tuman hududidagi aholi kuzatadigan turli Telegram-kanallar va guruhlarga tarqatib yuborilgan.
“Fuqarolarning bola o‘g‘irlashga oid vajlari asossiz, S.O. tomonidan hech bir voyaga yetmagan shaxsga nisbatan hech qanday tazyiq harakatlari sodir etilmagan”, dedi Rahmonova.
Mazkur holat yuzasidan voqea joyiga Quyi Chirchiq tumani IIB xodimlari yetib borgan va sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha surishtiruv harakatlari o‘tkazilgan. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (Mayda bezorilik)da nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etishda gumonlangan 7 nafar shaxsga nisbatan to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Quyi Chirchiq tumani sudiga yuborilgan.
Ushbu voqea ortidan QALAMPIR.UZ Bolalar ombudsmanidan O‘zbekistonda bola o‘g‘riligi bilan bog‘liq jinoyat sodir etilgan yoki etilmagani, so‘nggi yillarda bunday holatlar kuzatilgan-kuzatilmagani, shuningdek, xalq orasida tarqalgan “bola o‘g‘rilari bolalarni o‘g‘irlab, ularning ichki a’zolarini olib sotib yuboradi”, mazmunidagi mish-mishlarning qay darajada haqiqatga yaqin ekani haqida ma’lumot oldi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda bolani begona shaxslar tomonidan o‘g‘irlash holatlari qayd etilmagan. Faqat ayrim oilaviy nizolar oqibatida ota-ona yoki yaqin qarindoshlar o‘rtasida bunday vaziyatlar yuz berishi mumkin. Voyaga yetmaganlarga nisbatan organ transplantatsiyasi bilan bog‘lik jinoyatlar ham kuzatilmagan. Bunday masalalarda O‘zbekistonda vaziyat boshqa davlatlarga nisbatan ancha yaxshi. Xavfsizlik indeksi bo‘yicha Markaziy Osiyoda O‘zbekiston birinchi o‘rinda turadi.
Live
Barchasi