Ahmadboyning advokati: “U hech kimni aldamagan va jabrlanuvchilarning o‘zi pulni yalinib olib kelishgan”

Tahlil

Ahmadboyga sudning so‘nggi hukmi o‘qildi (video) north_east

Ahmadboyga sudning so‘nggi hukmi o‘qildi (video)

Kecha, 12 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Quyichirchiq tumani sudida xalq orasida Ahmadboy nomi bilan tanilgan va “moliyaviy piramida” tuzib, uyushgan jinoiy guruhga rahbarlik qilishda ayblangan chinozlik Ahmadjon Tursunboyevga hukm o‘qildi. Sud majlisining taraflar muzokarasi vaqtida davlat ayblovchisidan so‘ng, birin-ketin advokatlarga so‘z berildi. Ahmadjon Tursunboyevning himoyachisi, advokat Malika Mazbudovaga so‘zga chiqdi. Advokat Ahmadboyning oqlanishi uchun asoslar, davlatga topishirilgan pullar va bajarilgan xayrli ishlar haqida gapirdi. Uning qayd etishicha, mijozi hech kimni aldamagan, aksincha, odamlar mol-mulkini qo‘shqo‘llab Ahmadboyga olib kelib topshirgan va to qamalmaguniga qadar hech bir organga shikoyat qilmagan. 

“Qamoqqa olinmaganda, pullarni qaytarardi”  

Malika Mazbudova o‘zining so‘zini Ahmadboyning aybsizligini isbotlashdan boshladi. Uning fikricha, qo‘lga olingani pullarning qaytishiga katta to‘siq bo‘lgan.

“Hurmatli sud, Ahmadjon Tursuboyevning navbatdagi sud ishini ko‘rib chiqdik. Advokat prokurorning gapi bilan kelishmaydi. O‘tgan safargidek, unga nisbatan qo‘yilgan ayblov o‘z tasdig‘ini topmagan deb hisoblaymiz. Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bo‘yicha qo‘yilgan ayblovdan to‘liq oqlashingizni so‘raymiz. 

U ushlangan vaqtda hech qanday jabrlanuvchilar bo‘lmagan. Uning ustidan hech kim shikoyat qilmagan, ariza yozmagan. Bundan tashqari, Ahmadjon Tursunboyev hech kimni aldamagan va jabrlanuvchilarning o‘zlari pulni yalinib olib kelishgan. Pullarni ortig‘i bilan qaytarib bergan. Agar ehtiyot chorasi o‘zgartirilmaganda edi, fuqarolarga o‘z vaqtida mablag‘larni qaytargan bo‘lar edi. Mana, qo‘lga olinganiga 4 yil bo‘lgan bo‘lsa, mablag‘larni qaytarishga 2-3 oy ham yetardi”, deydi Ahmadboyning himoyachisi. 

Advokatning aytishicha, tergov organlari tomonidan qo‘yilgan og‘ir turdagi jinoyatlarni qiluvchi jinoiy guruh tuzgani haqidagi ayblash o‘z tasdig‘ini topmagan. Himoyachi Ahmadboy ishsiz yurgan fuqarolarni bekor yurmasin deb ish bilan ta’minlaganini aytdi: 

“Uyushgan jinoyatchilikka rahbarlik qilgan degan ayblov ham shunday. U qilgan ishlarini huquqiy oqibatini bilmagan. Bu ayblovlar ham tasdig‘ini topmadi”.

 

Davlat ixtiyorida turgan pullar

Advokat shuningdek, Ahmadboyning davlatga topshirilgan mablag‘lar haqida gapirdi. Bunday mablag‘lar pul va tilla buyumlar ko‘rinishida bo‘lgan.

“Ahmadjonning tadbirkorligini bilib turib ayrim huquqni muhofaza qiluvchi organlar u bilan oldi-berdilarda foydalangan. Shu ham sudda o‘z tasdig‘ini topdi. Pul mablag‘lari, chorva mollari, avtomashina, turar joy va noturar joylar va boshqa mol-mulklar hammasi olingan. O‘ziga tegishli tilla buyumlarni 2 kg 800 grammni ham topshirgan. Oliy sud plenum qaroriga binoan, uning harakatlari firibgarlikni tashkil qilmaydi. Ko‘pchilikning sharoiti, ro‘zg‘ori ham yaxshilangan. Uning mijozlari, ishchilari uylar olishgan, to‘y qilishgan, mashinalar sotib olishgan”, deb ta’kidladi himoyachi. 

Ahmadboy orzusi, beg‘araz yordamlari

Ahmadboyning advokati himoyasi ostidagi shaxs doimo yordamga muhtojlarga ko‘mak berishdan qochmaganini aytdi. U tadbirkorlikdan topgan pullari bilan ko‘plab beg‘araz yordamlar qilganini ma’lum qildi. 

“Tursunboyev chorvachilik, dehqonchilik bilan shug‘ullangan va xalqqa tanilgan. Ahmadboyning orzu va niyatlari chorvachilik, qoramolchilik, parrandachilik va baliqchilikni yo‘lga qo‘yish bo‘lgan. Shu maqsadda ham, katta fermer qurishni boshlagan. Shuningdek, 100 gektardan oshiq yerda kartoshka, poliz ekinlari va mevali daraxtlar ekib yetishtira boshlagan. U hamisha tadbirkorligini halol mehnati bilan vaqtidan unumli foydalangan holda harakat qilgan. Bu bo‘yicha ish materiallarida ma’lumotnomalar mavjud. 

Unga murojaat qilgan mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan kam ta’minlangan deyilgan oilalarga, davolanishga qiynalib yurgan bemorlarga qo‘ldan kelguncha yordam bergan. Ular uchun oziq-ovqatga, operatsiyaga yoki moliyaviy tomondan o‘z xohishi bilan yordam berib kelgan. Bundan tashqari o‘zi yashab kelayotgan Olmazor qo‘rg‘onidagi asfaltlar, elektr tarmoqlari bo‘yicha, beton ustun va simlar torttirgan, qabriston va masjidlarni qaytadan ta’mirdan chiqargan. 

Chinoz tumanidagi bolalar internatiga, Chinoz tumanidagi voyaga yetmagan qizlarni qayta tarbiyalash muassasiga, Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi chaqaloqlar yetim uylariga va Toshkent shahridagi Xlebushkina mehribonlik uyiga doimo har tomonlama yordam berib kelgan”.

 

Aybsizligi uchun asoslar

Advokat sud majlisi so‘nggida ayblanuvchining oqlanishiga huquqiy asoslar keltirib o‘tdi. 

“Hamma pullar, tilla buyumlarning barchasi davlatda turibdi. Ularga qo‘yilgan ayblar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual Kodeksi 83-moddasi 1-qismiga asosan ishni tugatib, reabilitatsiya qilishni so‘rayman. 

Shu bilan birga, Ahmadjonga ehtiyot chorasini o‘zgartirib berishingizni so‘rayman. 4 yilga yaqin o‘tirgan bo‘lsa, shuning o‘zi bularga katta saboq bo‘ldi. Mehnatkash inson sifatida boshqa bunday ishlar qaytarilmasligini tushunadi. Shuning uchun sud zalidan ozod qilishingizni so‘rardim”, deya so‘zini yakunladi Malika Mazbudova.

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat ishlari bo‘yicha Quyichirchiq tuman sudida sudlanuvchi Ahmadjon Tursunboyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” va “v” bandlari bilan aybli deb topilib 14 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

121

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing