Ahmad Mas’ud “Tolibon” bilan sulh tuzish shartini aytdi 

Olam

image

Afg‘onistonning Panjsher viloyatidagi qarshiliklar rahbari Ahmad Mas’ud, agar toliblar sivilizatsiyaga o‘tishga va’da bersa, ular bilan sulh tuzishga tayyor. Bu haqda u “Paris Match” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.  

“Men tinchlikparvar odamman va o‘z xalqimga yaxshilik tilayman”, degan u, urush paytida ham dushmanlar bilan gaplashish kerakligini ta’kidlab. 

Mas’ud taslim bo‘lmaslikni alohida urg‘ulagan. 

“Ammo taslim bo‘lish umuman boshqacha. Yana takrorlayman: men ham, mening qo‘mondonligimdagi qo‘mondonlar ham taslim bo‘lolmaymiz. Tasavvur qiling, “Tolibon” ayollar va ozchiliklar huquqlarini, demokratiya, ochiq jamiyat tamoyillari va boshqalarni hurmat qila boshlaydi. Nega ularga bu tamoyillar barcha afg‘onlarga, shu jumladan o‘zlariga ham foyda keltiradi, deb aytmaslik kerak?”, degan u. 

Mas’ud erkinlik va inson huquqlari haqida o‘z qarashlarini quyidagicha ifodalagan:

“Erkinlik va inson huquqlari – bebaho imtiyozlar. Ularni qamoqdagi barqarorlik bilan almashtirib bo‘lmaydi”.

Mas’udga ko‘ra, “Tolibon” bilan jang endigina boshlanmoqda. 

“Biz jangni tugatmoqchi emasmiz. Bu yerda – Panjsherda hamma narsa endigina boshlanmoqda. Taslim bo‘lish haqida gap bo‘lishi mumkin emas”, deydi u. 

Mas’ud, shuningdek “Tolibon”ning Panjsher darasidagi qurshov haqidagi bayonotlarini yolg‘on axborot deb atagan. U qurol bilan qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgani uchun AQSH hukumatini tanqid qilgan. 

“Sakkiz kun oldingi tarixiy xatomni unutolmayman. Men rad javobini oldim. Amerikada ishlab chiqarilgan qurollar, artilleriya, vertolyotlar, tanklar endi “Tolibon” qo‘lida”, degan Mas’ud. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Tolibon” vakili Zabihulla Mujohid yaqin orada Panjsher viloyati bilan tinchlik bitimi tuzilishini aytgan. 

“Biz Panjsherdagi odamlar bilan aloqadamiz. Oqsoqollar, nufuzli odamlar bilan muzokaralar olib boryapmiz. Muzokaralar yaqinda muammoni urushsiz hal qiladi. Mening 80 foizga ishonchim komilki, jang qilishning hojati yo‘q. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, yaqin orada tinchlik bitimi tuziladi”, degan Mujohid.

20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH

2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi. 

Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi

Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon Mas'ud

Baholaganlar

195

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing