Ahdsiz Isroil: mamlakat kelishuvdan keyin ham G‘azoga zarbalar berdi.  Qurbonlar bor (video)

Olam

image

Isroil armiyasining kecha, 2 iyul kuni G‘azo sektoriga bergan havo zarbalari oqibatida kamida 18 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy tibbiyot xodimlariga tayanib, “Reuters” xabar qildi.

Falastin sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotiga ko‘ra, ertalabdan Isroil aviatsiyasi G‘azo shahri, markazdagi Dayr al-Balah hamda janubdagi Xon Yunis hududlariga zarbalar bergan. Oqibatda so‘nggi haftalardagi eng yuqori kunlik qurbonlar soni qayd etilgan.

Avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp HAMAS va boshqa qurolli guruhlar qurolsizlanishga rozi bo‘lganini ma’lum qilib, mojaroni tugatish yo‘lida siljish kuzatilayotganini aytgan edi. Biroq Isroil Energetika vaziri va mamlakat xavfsizlik kabineti a’zosi Eli Koen hozircha G‘azoga hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha hech qanday kelishuv yo‘qligini bildirgan.

“AQSH bilan tuzilgan kelishuvimizdagi pozitsiyamiz shuki, eng avvalo HAMAS tugatilishi kerak”, degan Koen.

Uning ta’kidlashicha, Isroil HAMASga qurolsizlanish imkoniyatini beradi, ammo bu amalga oshishiga shubha bilan qaramoqda. Agar bu sodir bo‘lmasa, Isroil G‘azo sektori ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishi zarur deb hisoblaydi. Keyinroq Bosh vazir Binyamin Netanyaxu matbuot xizmati vakili Doron Shpilman Isroil AQSHga qurolsizlanish rejasi yuzasidan xavotirlarini yetkazganini ma’lum qilgan.

Mahalliy tibbiyot xodimlarining ma’lumotiga ko‘ra, Dayr al-Balahdagi zarbada 4 kishi halok bo‘lgan. Mavasi hududidagi chodirlar lageriga qilingan yana bir hujumda 5 kishi jarohatlangan va bir nechta chodir yonib ketgan. Shuningdek, Mavasidagi uyga berilgan zarbada er-xotin va ularning 9 yoshli o‘g‘li halok bo‘lgan. G‘azo shahridagi turar joyga qilingan hujumda yana bir oila – er-xotin va farzandi vafot etgan. Misr vakolatxonasi yaqinidagi chodirga berilgan zarbada 2 kishi, “Zaytun” mahallasidagi keyingi hujumda yana 2 kishi, Jabaliya yaqinida esa bir kishi halok bo‘lgan.

Isroil armiyasi Dayr al-Balahdagi turar joyga qilingan zarba HAMASning “Nuxba” maxsus bo‘linmasining ikki qo‘mondoniga qaratilganini bildirgan. G‘azo shahri va Jabaliyadagi hujumlar ham “harbiy amaldorlar”ga qarshi qaratilganini, vaziyat o‘rganilayotganini ma’lum qilgan.

Keyingi hujumlardan birida G‘azo shahridagi avtomobilga berilgan zarba oqibatida kamida 3 nafar falastinlik halok bo‘lgan. HAMASning yuqori martabali vakili Basem Naim harakat qurolsizlanish masalasida “katta moslashuvchanlik” ko‘rsatganini, ammo Isroil siyosiy jarayonlar fonida hujumlarni kuchaytirish orqali vaziyatni harbiy yo‘l bilan o‘zgartirishga urinayotganini aytgan.

G‘azo sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil oktyabrda erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan buyon Isroil zarbalari oqibatida kamida 1230 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Isroil hisob-kitoblariga ko‘ra, shu davrda 4 nafar isroillik harbiy halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Falastinning XAMAS harakati G‘azo sektori rahbari Xalil al-Hayyani tashkilot siyosiy byurosining yangi rahbari etib saylangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing