Andijonlik bloger masalasida viloyat hokimligi rasmiy bayonot berdi

Jamiyat

Yodingizda bo‘lsa, andijonlik bloger Otabek (Abdufatto) Nuritdinov masalasida QALAMPIR.UZ surishtiruvi e’lon qilingandi. Unda Facebook ijtimoiy tarmog‘ida tarqatilgan ma’lumotlari yuzasidan Nuritdinov ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari doirasida javobgarlikka tortilgani bayon etilgan.

Mazkur holat bo‘yicha Andijon viloyat hokimligi Matbuot xizmati o‘z munosabatini bildirdi.

Unda Asaka tuman “Suvoqava” DUK rahbari Bohodir Qahhorov, “HududgazAndijon” Asaka tuman filiali rahbari Javlonbek Ismoilov, Andijon viloyat davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Ikromov, Asaka tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Alisher Parpiyev, Asaka tuman 27-maktab direktori Muhayyoxon Isaqova, Asaka tuman 59-maktab direktori Dilfuzaxon Jo‘raboyeva, Andijon viloyat IIB Tergov boshqarmasi boshlig‘i Yahyobek Abdulxakov, Andijon viloyat Ma’muriy sud sud’yasi Oybek Barakabayev, Andijon viloyat prokurori o‘rinbosari Baxtiyor Xudoyberdiyevlar bo‘lib o‘tgan ishlar yuzasidan o‘z munosabatlarini bildirgan.

Bohodir Qahhorovga ko‘ra, u ushbu holat yuz bergan kuni Otabek Nuritdinov uni haqorat qilgan, u esa asl holatni, davlat ishida ishlash ham oson bo‘lmayotganini tushuntirishga harakat qilgan. Janjal sodir bo‘layotgan vaqtda o‘sha atrofda xizmat vazifasini bildirayotgan Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan chora ko‘rilgan.

“HududgazAndijon” Asaka tuman filiali rahbari Javlonbek Ismoilov Asaka tuman moliya bo‘limi boshlig‘i bilan ish yuzasidan suhbatlashayotgan vaqtda Otabek Nuritdinov ularning yoniga kelgan. U o‘sha kuni Bohodir Qahhorov va Otabek Nuritdinov bilan bo‘lgan janjalning bevosita guvohi bo‘lgan.

Andijon viloyat davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Ikromovning aytishicha, Otabek Nuritdinov Asaka tumanidagi byudjet masalalari yuzasidan qonunbuzilish holatlari yuzasidan bir nechta e’tirozlar bildirgan bo‘lgan. O‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida u ko‘targan masalalarning 3tasi o‘z isbotini topmagan. Yana bir masala bo‘yicha esa tekshiruv ishlari olib borilmoqda va yakuni bo‘yicha albatta xabar berilishini bildirgan.

Asaka tumanidagi qabriston masalasida viloyatdan moliyaviy-taftish tekshiruvlari bo‘yicha ishchi guruh kelgan. Unda Otabek Nuritdinov ham qatnashgan. Lekin sarflangan pullar yuzasidan hech qanday salbiy holatlar aniqlanmaganligini bildirdi Asaka tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Alisher Parpiyev.

Videoda Asaka tuman 27-maktab direktori Muhayyoxon Isaqova ham o‘z munosabatini bildirib o‘tgan. Otabek Nuritdinov tomonidan u haqida uydirmalar tarqatilganini aytadi maktab rahbari. Nuritdinov tomonidan ijtimoiy tarmoqqa yozilgan postlar uning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir o‘tkazgan. Oxiri iloji qolmagach, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Dilfuzaxon Jo‘raboyeva Otabek Nuritdinovning farzandi tahsil oladigan Asaka tumanidagi 59-maktab direktori lavozimida ishlaydi. U ham Otabek Nuritdinov tomonidan tarqatilgan ma’lumotlar tekshiruvlar natijasida o‘z isbotini topmaganini bildirgan.

Andijon viloyat IIB Tergov boshqarmasi boshlig‘i Yahyobek Abdulxakov, Andijon viloyat Ma’muriy sud sud’yasi Oybek Barakabayev, Andijon viloyat prokurori o‘rinbosari Bahtiyor Xudoyberdiyevlar ham o‘sha kuni sodir bo‘lgan holat yuzasidan to‘plangan dalillar, sudga taqdim etilgan hujjatlar va qabul qilingan qaror haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan.

Yuqoridagi slayderda videoni to‘liq ko‘rishingiz mumkin.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

199

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing