9 mayda Moskvaga bormang – Zelenskiy (video)
Olam
−
08 may 8283 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaga yaqin davlatlarga murojaat qilib, 9 may kuni Moskvaga bormaslikni tavsiya berdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanlida yozib qoldirdi.
Dastavval, u Ukraina maxsus operatsiya kuchlari va boshqa harbiy bo‘linmalariga minnatdorlik bildirib, Rossiya hududidagi bir nechta muhim ob’ektlarga uzoq masofali zarbalar berilganini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kaspiy dengizi hududida “Kalibr” raketalarini uchirish imkoniyatiga ega bo‘lgan raketa kemasi nishonga olingan. Shuningdek, Rossiyaning Perm viloyatida joylashgan neft sohasiga tegishli ob’ektga ham zarba berilgan. Zelenskiy bu ob’ekt Ukraina davlat chegarasidan 1,5 ming kilometrdan ortiq masofada joylashganini ta’kidladi.
U yana Bryansk yo‘nalishi, Tuapse shahri va Rossiyadagi ayrim strategik neft ob’ektlariga qilingan hujumlar natijalari Ukraina uchun “qoniqarli” bo‘lganini bildirgan.
Zelenskiyning aytishicha, Ukraina Rossiyaga yana bir bor o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilgan. Bu safar 6 maydan boshlab to‘liq sukut rejimi joriy etish taklif etilgan. Ukraina tomoni bunga tayyor bo‘lganini bildirgan, ammo javoban Rossiya tomonidan yangi zarbalar va tahdidlar bo‘lgan.
“Ular Ukrainadan o‘z paradlarini xavfsiz o‘tkazish uchun ruxsat so‘rayotgandek. Bir soat tinch turib, keyin yana odamlarimizni o‘ldirish va urushni davom ettirishni xohlashyapti”, degan ukraina yetakchisi.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya tomoni 9 maydan keyin ham zarbalar davom etishi mumkinligini aytmoqda. Zelenskiy buni “g‘alati va mutlaqo noadekvat mantiq” deb atagan.
Shuningdek, u Rossiyaga yaqin ayrim davlatlar Moskvadagi tadbirlarda ishtirok etish uchun o‘z vakillarini yuborishni rejalashtirayotgani haqida murojaatlar bo‘lganini aytgan.
“9 may kuni Moskvaga borish istagi g‘alati. Biz buni tavsiya qilmaymiz”, degan Ukrina Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ukraina poytaxtiga berilishi mumkin bo‘lgan zarba xavfi tufayli xorijiy davlatlarga o‘z diplomatlarini Kiyevdan evakuatsiya qilishni tavsiya etgandi.