700 ming fotosurat yordamida “Titanik”ning 3D nusxasi tuzildi
Bu qiziq
−
20 may 2023
66161912 yilda Shimoliy Atlantikada cho‘kib ketgan “Titanik” yo‘lovchi laynerining birinchi raqamli 3D nusxasi Buyuk Britaniyada ishlab chiqildi. Bu xaqda TASS axborot agentligi xabar berdi.
Bildirilishicha, taxminan 700 ming fotosuratni o‘z ichiga olgan ulkan loyihani suv ostini tasvirga olishga ixtisoslashgan “Magellan” kompaniyasi amalga oshirgan. Masofadan boshqariladigan suv osti transport vositasi yordamida mutaxassislar 111 yildan ortiq 3,8 km chuqurlikda yotgan kemaning 3D modelini tuzgan.
“Atlantic Productions” telekompaniyasi bilan hamkorlikda mutaxasislar laynerning barcha detallarini, jumladan, kema korpusi, ulkan vintlar, halokat joyiga sochilgan ichimlik shishalaridan tortib o‘nlab juft poyafzallargacha yuqori aniqlikda suratga olgan. Model “Titanik”ning ikkita bo‘lagini, ya’ni uning kamon va orqa qismlarini qamrab oladi.
Ma’lum qilinishicha, titanik halokatga uchrab, parchalanib ketganidan so‘ng uning qismlari bir-biridan 800 metr masofa uzoqlikda dengiz tubida sochilib ketgan. Uning qoldiqlari Nyufaundlend qirg‘oqlaridan taxminan 350 mil dengiz ostida joylashgan.
“Biz haligacha Titanikning ayzberg bilan to‘qnashish sabablarini aniq bilmaymiz, shuning uchun yangi tasvirlar ko‘proq imkoniyatlarni ochib berishga yordam beradi”, deydi tahlilchi Parks Stivenson.
Suratlarni o‘rganish tadqiqotchilarga falokat tafsilotlarini ilmiy isbotlashga yordam berib, titanikning cho‘kayotgan vaqtdagi dengiz tubiga qancha tezlik bilan qulaganini aniq mexanikasini yaxshiroq tushunish imkonini beradi. Shuningdek, loyihaning asosiy maqsadi, nafaqat layner vayronalarini batafsil o‘rganish, balki halokat sabablarini yaxshiroq tushunish uchun chuqurroq tadqiqotlar o‘tkazish imkoniyatini ochib berishdan iboratdir.
Ma’lumot uchun, Angliyaning Sautgempton shahridan Nyu-Yorkka ilk sayohatga yo‘l olgan okean layneri 1912 yilning 14 aprelidan 15 apreliga o‘tar kechasi ayzberg bilan to‘qnashib cho‘kib ketgan. Falokat oqibatida, kemada bo‘lgan 2224 kishidan 1517 nafari vafot etgan.
Sevara Azimova
LiveBarchasi