Bayden Rossiya va Saudiyaga “tosh otdi”
Olam
−
08 Oktabr 2022
24358AQSH Prezidenti Jo Baydenning fikricha, mamlakatida benzin narxi Rossiya Federatsiyasi va Saudiya Arabistonining harakatlari tufayli oshib bormoqda.
“Agar respublikachilar [AQSHda noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlarda] Kongress ustidan nazoratni qo‘lga kiritsa, biz amerikaliklar uchun qo‘lga kiritgan tarixiy g‘alabalarimiz olib qo‘yiladi.
“Iste’mol savatining narxi pasaymaydi, ko‘tariladi. Men esa oziq-ovqat narxi oshib borayotganini tushunaman. Men benzin narxini 1,6 dollardan (gallon uchun) arzonlashtira oldim, lekin Rossiya Federatsiyasi va Saudiya Arabistoni qilgan ish tufayli u asta-sekin oshib bormoqda. Retsept bo‘yicha beriladigan dori-darmonlar, sog‘liqni saqlash va energiya narxlari ko‘tarilyapti”, deydi AQSH rahbari.
Bayden Merilend shtatidagi Volvo Group zavodida Amerika iqtisodiyotini rivojlantirish va Qo‘shma Shtatlarda turli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish haqida nutq so‘zladi.
“Amerika endi dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchisi bo‘la olmaydi, deb qayerda yozilgan? Amerika bo‘ylab biz “AQSHda ishlab chiqarilgan” shior emas, haqiqat ekanligini isbotlayapmiz. Biz eng yaxshi kunlarimiz ortda emas, oldinda ekanligini isbotlaymiz”, deydi Bayden.
Shu bilan birga, u o‘z ma’muriyatining Qo‘shma Shtatlardagi ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish, Amerika kompaniyalariga sarmoyalarni jalb qilish, inflyatsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan sa’y-harakatlariga e’tibor qaratdi, shuningdek, demokratlarning iqtisodiy kun tartibining boshqa jihatlarini sanab o‘tdi.
Bayden nutq so‘zlagan Volvo Group yuk mashinalari, avtobuslar, dvigatellar va turli qurilish uskunalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Volvo Group’ning asosiy aksiyadori Xitoyning Geely avtomobil kompaniyasi hisoblanadi.
OPEC+ kelishuvida ishtirok etuvchi davlatlar 5 oktyabr kuni Venada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda neft qazib olishni noyabr oyidan boshlab kuniga 2 million barrelga qisqartirishga kelishib oldi, shuningdek, kelishuvni 2023 yil oxirigacha uzaytirdi. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bayonotda, shuningdek, ishlab chiqarishni qisqartirish to‘g‘risidagi qaror ham jahon iqtisodiyoti, ham neft bozoridagi noaniqliklarni hisobga olgan holda qabul qilingani qayd etilgan.
LiveBarchasi