“60 kabutar” loyihasi yana 60 ta qalbni shod etdi
Jamiyat
−
13 iyun 2021
12317Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim musulmonning yetimlari orasidan bir yetimni o‘z ovqatiga, ichimligiga qo‘shsa, Alloh uni behojat qilib qo‘yadi va unga jannatni, albatta, vojib qiladi”. Bugun, 13 iyun kuni ana shunday ezgulikning amaldagi ifodasi– “60 kabutar” loyihasining uchinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Mazkur loyiha yana 60 nafar bolani chin ma’noda xursand qila oldi.
Oltmish kabutar – oltmish qorako‘z, oltmish nafar mehrga tashna qalb demakdir. Bu “kabutar”lar bugun uchishga shay, faqat atrofdagilarning e’tibori va mehri kerak, xolos.
Bolaning o‘qib-o‘rganishi va kelajakda yaxshi kasb egasi bo‘lishi, albatta, uning bilim olishi uchun yetarli sharoit yaratish bilan bevosita bog‘liqdir. E’tibor berganmisiz, ukangiz yoki jiyaningizning biror o‘quv quroli bo‘lmasa, darhol borib ota-onasidan o‘sha buyumni olib berishlarini so‘raydi. Ammo bu “kabutar”lar kimdan so‘raydi?! Qo‘shni bola ko‘chani to‘ldirib velosiped mingan payt u “menga ham velosiped olib beringlar”, deb kimga xarxasha qiladi?! U o‘z uyasidan uchirma bo‘lishga ulgurmagan “kabutar”dir. U ota-ona mehriga to‘yolmagan “kabutar”dir.
“60 kabutar” lohiyasi tashkilotchilarining sa’y-harakatlari natijasida hamda saxovatpeshalarning ehsonlari bilan bugun 60 nafar ota-onasiz katta bo‘layotgan bolalar qalbiga oz bo‘lsada quvonch kirdi. Mehr-muruvvatga muhtoj bolalarning ikki nafariga (bir nafar qiz va bir nafar o‘g‘il) ko‘zlarini davolatish uchun yo‘llanma, bir nafar qizga gaz plitasi, 2 nafar bolaga konditsioner, 4 nafar bolaga kompyuter, 6 nafar qiz bolaga tikuv mashinasi, bir nafar qiz bolaga Qur’oni Karim va joynomoz, bir qancha planshetlar, shuningdek, arab va ingliz tili kurslari uchun olti oylik bepul yo‘llanma, o‘g‘il bolalar uchun 15 dan ortiq velosipedlar dastur davomida egalariga topshirildi.
Turli multfilm qahramonlari ishtirokidagi sahna o‘yinlari va “sehrgar”ning tomoshalari bolajonlar uchun yana bir kutilmagan sovg‘a bo‘ldi.
Mazkur loyihada mehmon sifatida ishtirok etgan professional bokschi, ikki karra Osiyo chempioni Bahodir Jalolov ushbu loyihani oldindan kuzatib borishini aytib, agarda shu bolalar ichida boksga qiziqadiganlari bo‘lsa, bajonidil ustozlik qilishini ham bildirdi.
“Avvalo, meni bu loyihaga taklif qilishganida juda ham xursand bo‘ldim. Bolalarning ko‘zidagi quvonchni ko‘rib yanada quvonib ketdim. Bundan keyingi tadbirlarga ham Xudo xohlasa albatta, kelaman. Agar shu bolalarning ichida boksga qiziqadiganlari bo‘lsa, “qatnashmoqchiman” deb zallarga borsa, men ularga ustozlik qilishga doim tayyorman. Bolalarning “men O‘zbekiston bayrog‘ini yuqorilarga ko‘taraman”, deya ishonch bilan aytayotgan gaplari meni ular uchun to‘garak ochishga undamoqda. Men ishonaman, ulardan yaxshi sportchilar chiqadi. Bolalarning ko‘zi yonib turibdi”, deydi Bahodir Jalolov
Dastur tashkilotchilaridan biri Inoyatillo Sattorov saxovatpesha insonlarni birlashishga, ota-onasiz va mehr-muruvvatga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashda o‘z hissalarini qo‘shishga chaqirdi. Uning aytishicha “60 kabutar” loyihasi to‘xtab qolmaydi. Mazkur loyiha viloyatlarda ham o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
“Avvalo, kelganinglar uchun rahmat. “60 kabutar” loyihasi har ikki-uch oyda o‘tkaziladigan mehr-muruvvat tadbiridir. Bilasizmi, biz hozir Toshkent shahridagi bolalar uchun ushbu loyihani o‘tkazyapmiz. Lekin, albatta, mazkur loyihani asta-sekinlik bilan viloyatlar doirasida ham o‘tkazish rejamizda bor. Xudo xohlasa, bu tadbir keng ko‘lamda o‘tkaziladigan tadbir darajasiga yetishadi degan umiddamiz”, deya o‘z so‘zini yakunladi Sattorov.
Tadbir tashkilotchisi Inoyatillo Sattorov fursatdan foydalanib, OAVga, xususan QALAMPIR.UZ saytiga o‘z minnatdorligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, QALAMPIR.UZ mazkur loyiha doirasida o‘tkazilgan bundan oldingi tadbirlarni atroflicha yoritib, sizga havola etgandi.
LiveBarchasi