60 nafar qalbi o‘ksik bolalarga mehr ko‘rsatildi
Jamiyat
−
22 fevral 2021
3262Hadislarda “Kim yetimning boshini rahm qilib silasa, Alloh taolo unga qo‘li tekkan har bir soch miqdoricha yomonliklarni o‘chiradi va har bir soch miqdoricha uning darajasini ko‘taradi”deyilgan. Bu so‘zlarning amalini Yurak amrining “60 kabutar” loyihasida ko‘rishimiz mumkin. 60 kabutar, 60 ta mehrga zor qalb, 60 qorako‘z. Bugun ularning qalbiga qaysidir ma’noda nur kirdi, quvonch kirdi. Bunday savob ishning boshida turgan barcha ularning quvonchiga, kulgusiga sherik.
Avtobusdan tushayotgan bolajonlarning hayajoni dillarni yayratadi. Sobiq xonanda Sardor Rahimxon tomonidan tashkil qilingan ushbu loyihada bu safar ham “60 kabutar” mehmon qilindi. Nega kabutar? Nega 60 kabutar? bu savolga loyiha tashkilchilaridan biri xonanda Doston Ubaydullayev shunday javob berdi:
“60 kabutar deb nomlanishining asosiy sabablaridan biri, bu umuman otadan ham onadan ham birdek yetim qolgan 60 nafar yigit-qizlarimizni bu loyihaga taklif qilib, chiroyli koshonani yasatib, oziq-ovqat, sovg‘a salomlar bilan to‘ldirdik. Birdan bir umidimiz ularning ko‘nglini olib, o‘ksik ko‘ngillarga quvonch ulashishdir. Shuning uchun biz 60 kabutar deb nomlaganmiz. Biz yetim bolalarni oppoq kabutarga o‘xshatdik. Bu loyihani ikkinchi marotaba qilyapmiz. Birinchisi Olmazor tumani hokimligi hamkorligida tashkil qilingan bo‘lsa, bu safar Yashnobod tumani hokimligi bilan o‘tkazilmoqda. Xudo xohlasa bu safargisi ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tadi degan umiddamiz. Aslida bu yo‘lni Prezidentimiz boshlagan. Har doim xalq ichida yuringlar, xalq bilan bo‘linglar, o‘ksik ko‘ngillarga qarash kerak deydilar. Mana bugun ularning yo‘llaridan ketyapmiz. Xudo xohlasa, biz adashmaymiz”.
Shodiyona bolajonlar uchun kutilmagan sahnalarga boy bo‘ldi. Bir biridan mazali taomlar, kuy-qo‘shiqlar, aqlni charxlovchi o‘yinlar bilan boyigan bayram ko‘zboylog‘ichlarning g‘aroyib chiqishlari orqali bolajonlarning kayfiyatini ko‘tardi.
Loyiha davomida Sardor Rahimxon chiroq ustalaridan tortib, oshpazlargacha, savob amallari uchun tashakkur bildirdi.
“Aziz bolajonlar sizlarni judayam yaxshi ko‘ramiz. Sizga mehr muhabbatimiz cheksiz. InshaAlloh sizning mana shunday xursandchiligingiz bilan biz Alloh rizosini topamiz. Ishonchim komilki, bu an’anamiz, shu chiroyli amallarimiz, yaxshi niyatda boshlangan bu ishlarimiz yana davomiy bo‘lib, Alloh bizga madadkor bo‘lsin. Qolaversa men imkoniyatdan foydalanib, farzandlarimizni qalblariga xursandchilik olib kirishda bizga yordamini ayamagan, borini ayamagan, molini ayamagan, mehrini, duosini ayamagan barcha homiylarimizdan, qadrdonlarimizdan, xizmat qilganlardan minnatdormiz. Alloh hammangizdan rozi bo‘lsin. Dargohiga benuqson qabul qilsin, ikki dunyo ajrini ko‘paytirib bersin”, dedi to‘lqinlanib Sardor Rahimxon.
Bayram so‘ngida bolajonlarga berilgan hadyalar, ular uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi.
LiveBarchasi