6 oyda davlat byudjeti xarajatlari 79 trln so‘mni tashkil qildi. Ular nimaga sarflangan?
Jamiyat
−
27 Sentabr 2021
4832Joriy yilning birinchi yarim yilligida davlat byudjeti xarajatlari 79 trln so‘mni tashkil qilgan. Ushbu mablag‘larning 40 trln so‘mi ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun sarflangan. Bu haqda bugun, 27 sentyabr kuni Oliy Majlis Senati Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasining navbatdagi majlisida Moliya vazirligi departamenti direktori o‘rinbosari Sanjar Tolipov ma’lum qildi.
“Davlat byudjetining 2021 yil birinchi yarim yillik xarajatlari davlatning maqsadli jarimalarini hisobga olmaganda 79 trln so‘mni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 25 foizni tashkil qildi. Byudjet tashkilotlari ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarini o‘z navbatida to‘liq moliyalashtirish uchun qariyb 28 trln so‘m bilan ta’minlandi. Shuningdek, ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan 40 trln so‘m yoki umumiy xarajatlarning 51 foizi miqdorida mablag‘ sarflandi. Shundan, maorif sohasini saqlash va uni rivojlantirish uchun qilingan xarajatlar qariyb 19 trln so‘mni tashkil qildi. Xususan, maktabgacha ta’lim muassasalariga 3,4 trln so‘m, umumta’lim maktablariga 13,7 trln so‘m hamda kadrlar tayyorlash xarajatlariga 1,9 trln so‘m ajratildi. Hisobot davrida nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 485 mlrd so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 barobar ko‘p subsidiyalar berildi. Mazkur subsidiyalarni ajratish natijasida 313 mingdan ortiq bolalar maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olindi”, dedi Sanjar Tolipov.
Shuningdek, Moliya vazirligi departamenti direktori o‘rinbosarining ta’kidlashicha, hisobot davrida sog‘liqni saqlash sohasidagi xarajatlar qariyb 9,9 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22 foizga o‘sgan.
“Sog‘liqni saqlash tizimidagi muassasa va tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlarning ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni moliyalashtirish uchun joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida 5,6 trln so‘m yo‘naltirilgan va ushbu xarajatlar sohaga ajratilgan jami byudjet mablag‘larining 62,4 foizini tashkil etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat qarorlariga asosan tasdiqlangan sog‘liqni saqlash sohasiga doir davlat dasturlari va markazlashgan tadbirlarga belgilangan davr mobaynida 279,1 mln so‘m o‘zlashtirib berildi”, dedi Sanjar Tolipov.
Ta’kidlanishicha, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish uchun joriy yilda jami 3 trln so‘m mablag‘ sarflash ko‘zda tutilgan bo‘lib, 19 avgust holatiga ushbu mablag‘ning 98 foizi sarflangan. Xususan, vaksina sotib olish va emlash punktlarini tashkil etish xarajatlari 1 trln 335 mlrd so‘mga yetgan.
“Koronavirus tarqalishini oldini olishga qaratilgan tadbirlarga jalb etilgan tibbiyot, sanitariya va boshqa xodimlarning qariyb 100 ming nafariga qo‘shimcha rag‘batlantirish uchun 875,7 mlrd so‘m sarflangan. Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash muassasalarini saqlash hamda boshqa xarajatlar uchun 653,1 mlrd so‘m, test tizimlari va laboratoriya ragentlari sotib olish uchun 113,6 mlrd so‘m, Namangan va Toshkent shahrida koronavirusga qarshi davolanish shifoxonalarini qurish uchun 270,6 mlrd so‘m ajratilgan. 20,5 mln doza vaksina sotib olish va emlash punktlarini tashkil etish xarajatlari esa 1 trln 335 mlrd so‘mga yetgan”, dedi Moliya vazirligi departamenti direktori o‘rinbosari.
LiveBarchasi