6 mingga yaqin migrant Rossiyadan chiqarib yuboriladi
Olam
−
17:10 2840 2 daqiqa
Rossiyada joriy yilning mart oyida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish doirasida o‘tkazilgan reydlar natijasida 6 mingga yaqin chet el fuqarosini mamlakatdan chiqarib yuborish haqida qaror qabul qilindi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiy vakili Irina Volk o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida Rossiya tergovchilari tomonidan mingga yaqin jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Reydlar davomida qidiruvda bo‘lgan 138 nafar shaxs aniqlangan. Yana 7,7 ming nafar chet el fuqarosiga nisbatan Rossiyaga kirishni taqiqlash bo‘yicha qaror qabul qilingan. Shuningdek, 48 mingta ma’muriy huquqbuzarlik holati aniqlangan. 26 ming nafardan ortiq migrant javobgarlikka tortilgan bo‘lib, ularning 24 ming nafari majburiy daktiloskopiya (barmoq izi olish) va suratga tushish jarayonlaridan o‘tkazilgan.
Irina Volkning qo‘shimcha qilishicha, mart oyidagi reydlar butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilib, unda Ichki ishlar vazirligi, Federal xavfsizlik xizmati (FXX) va Rosgvardiya vakillari ishtirok etgan. Bu gal asosiy e’tibor transport infratuzilmasi ob’ektlarini tekshirishga qaratilgan. Shuningdek, reydlar bozorlar, omborxonalar, sanoat zonalari va chet elliklar yashaydigan joylarni ham qamrab olgan. Jami 130 mingtadan ortiq ob’ekt tekshirilgan.
Tadbirlarga 60 mingga yaqin politsiyachi jalb etilgan bo‘lib, samaradorlikni oshirish uchun uchuvchisiz uchish apparatlari va boshqa zamonaviy texnik vositalardan foydalanilgan. Qayd etilishicha, IIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Rossiyadan 72 ming nafar chet el fuqarosi chiqarib yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, Davlat dumasi deputatlari migrantlarni deportatsiya qilish asoslari ro‘yxatini qariyb ikki baravar kengaytirishni (22 tadan 43 ta moddagacha) rejalashtirmoqda. Xususan, jamoat tartibini buzish, politsiya yoki Rosgvardiya talablariga bo‘ysunmaslik, infratuzilma va transport ishiga xalaqit berish kabi holatlarni mamlakatdan chiqarib yuborish uchun asos bo‘luvchi sabablar qatoriga qo‘shish ko‘zda tutilmoqda.
Live
Barchasi