Qancha o‘zbekistonliklar ota-onalik huquqidan mahrum etilgani ochiqlandi

Jamiyat

image

2022 yilning 9 oyi davomida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilish bilan bog‘liq 1 023 ta ish ko‘rib chiqilib, shundan 572 ta da’vo arizasi qanoatlantirilgan. Ya’ni jami 572 nafar ota-onadan (yoki ularning biridan) farzandlari olib qo‘yilgan. Ushbu raqamlarni Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov QALAMPIR.UZ ochiqlagan.

Uning aytishicha, 2021 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan xuddi shunday ota-onalik huquqidan mahrum qilish bilan bog‘liq ko‘rib chiqilgan arizalar soni 1 244 tani tashkil qilgan. 

Shundan 773 ta da’vo arizasi qanoatlantirilgan va xuddi shuncha ota-ona farzandlariga bo‘lgan huquqidan mahrum etilgan.

Shuningdek, 2021 yilda kelib tushgan arizalarning 272 tasi, 2022 yilda esa   258 tasi fuqarolik sudlari tomonidan rad etilgan va ota-onalik huquqi saqlab qolingan. 

Bundan tashqari, o‘z xatosini to‘g‘irlagan va farzandlari uchun g‘amxo‘rlik qila olishini isbotlagan 12 nafar fuqaroning ota-onalik huquqini tiklash va bolani qaytarish to‘g‘risidagi da’vo arizasi qanoatlantirilgan. 

2021 yilda esa 36 nafar ota-onaga farzandlariga oid huquqlari qaytarib berilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 79-moddasiga binoan ota-ona yoki ulardan biri quyidagi hollarda ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin:

•  ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlasa;

•  uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘z bolasini tug‘ruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga o‘xshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortsa;

•  ota-onalik huquqini suiiste’mol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lsa;

•  muttasil ichkilikbozlik yoki giyovandlikka mubtalo bo‘lgan bo‘lsa;

•  o‘z bolalarining hayoti yoki sog‘lig‘iga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan bo‘lsa.

Haqqiyev Samandar


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

59

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing