49 yil o‘tib... – Gagarinning tarixiy parvozi haqida aytilmagan gaplar

Bu qiziq

image

Yuriy Gagarin deganda inson ko‘z oldida kulib turgan samimiy inson obrazi gavdalanadi. Bundan roppa-rosa 59 yil muqaddam odam bolasi ilk bor fazoga ko‘tarilgan edi. 1961 yilning 12 aprel kuni sodir bo‘lgan ushbu tarixiy voqea guvohlari garchi oramizda kam qolgan bo‘lsa-da, ammo bu haqda eshitmagan, o‘qimagan odam bo‘lmasa kerak.

Sobiq Ittifoq qahramoni sifatida tan olingan fazogir haqida juda ko‘p maqolalar yozilgan, hujjatli va badiiy filmlar ishlangan. Turli yillarda Gagarin shaxsiyatiga doim qiziqish bildirilgan. Uning hayoti va faoliyati to‘g‘risida turli fikrlar o‘rtaga tashlangan. Ular qanchalik to‘g‘ri yoki afsonaga yo‘g‘rilgani noma’lum, ammo shunday bo‘lsa-da, bu faktlar insonlarni ohanrabodek o‘ziga tortadi. Bugun aynan mana shular haqida so‘z yuritamiz.

Yuriy Alekseyevich Gagarin 1934 yilning 9 mart kuni Sobiq Ittifoqning G‘arbiy viloyatida, Klushinov qishlog‘ida tavallud topgan. 1968 yilning 27 mart kuni, 34 yoshida olamdan o‘tgan. Undan ikki nafar qiz farzand qolgan – Galina Gagarina va Yelena Gagarina. Yuriy Alekseyevich o‘z vaqtida Sobiq Ittifoq fazogiri, qator davlatlarning eng yuqori darajali mukofotlari sohibi, ko‘plab xorijiy shaharlarning faxriy fuqarosi hisoblanadi. U Sobiq Ittifoq Harbiy-havo kuchlarining polkovnigi, 1-darajali harbiy uchuvchi, Ittifoqda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi, Komsomol Markaziy qo‘mitasining a’zosi, SSSR Oliy Kengashining 7 va 8-chaqiriqlar deputati bo‘lgan.

Gagarin fazoga ko‘tarilgan “Vostok 1” kosmik kemasi to‘liq avtomatlashtirilgan edi. Chunki Yuriy uni o‘zi mustaqil boshqarishiga hech kim ishonmagan. Unga faqatgina favqulodda holatlarda kosmik kemani qo‘lda boshqarishni faollashtirishi mumkin bo‘lgan maxsus kod berilgan.

O‘sha paytda Sobiq Ittifoq axborot agentligi ilk parvoz haqidagi xabarning uchta versiyasini tayyorlagan. Birinchisi, agar missiya muvaffaqiyatli yakunlansa, nashr qilish uchun; ikkinchisi, agar kema o‘rmonga yoki okeanga tushib qolsa, yordam chaqirish; uchinchisi Gagarinning fojiali o‘limi haqida. Yaxshiyamki, faqat birinchi versiya qo‘llanilgan.

Uchish maktabida o‘qiyotganda Gagarinda samolyotni qo‘ndirishda muammolar kuzatila boshlaydi. Boshqa fanlardagi yaxshi natijalariga qaramay, maktab ma’muriyati hatto uni o‘qishdan chetlashtirmoqchi ham bo‘ladi. Ammo, keyinchalik, maktab direktori Gagarinning bo‘yi (165 sm) tufayli mazkur muammolar kelib chiqayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylab qoldi. Keyingi parvoz paytida bo‘lajak fazogirning o‘rindig‘iga qalin yostiq qo‘yildi va u hech qanday muammosiz samolyotni qo‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi.

Gagarin sovet fazoviy dasturi uchun tanlangan 20 nafar uchuvchidan biri edi. U nomzodlar orasida juda mashhur edi. Kim fazoga uchishga loyiq degan anonim so‘rovnoma o‘tkazilganida, uch kishidan boshqa barcha Gagarin nomzodini ko‘rsatgan.

Yuriy Gagarin parvozdan ikki kun oldin xotiniga har ehtimolga qarshi vidolashuv maktubini yozadi. Xatni yetkazishlarini so‘raydi. Fazogir eson-omon Yerga qaytganida ushbu maktub barchaning hayolidan ko‘tarilib ketadi. Uning rafiqasi Valentina Gagarina ushbu maktubni oradan yetti yil o‘tib, eri aviahalokatda halok bo‘lgan 1968 yildagi qo‘liga oladi.

Fazogir bo‘lajak rafiqasini Orenburgdagi aviatsiya maktabining o‘quvchilari bilan birga diskotekaga borganida uchratib qoldi. Keyinchalik u Valentinani sevib qolganligini tan oldi va ko‘p o‘tmay ular turmush qurishdi. Oradan yillar o‘tib, ikki nafar qizlik ham bo‘lishdi.

Sobiq Ittifoq qahramonlaridan biri bo‘lgan Gagarin juda dindor odam bo‘lganligi haqida uning do‘stlari, hamkasblari ko‘p so‘zlab berishgan.

Gagarin Buyuk Britaniyaga tashrif buyurganida qirolicha Yelizaveta II bilan uchrashadi. Shunda qirolicha undan birga suratga tushishni so‘ragan. Keyinchalik Yelizaveta II bu ishini quyidagicha izohladi: “U haqiqatan ham o‘zgacha odam edi – fazodan kelgan odam”.

Aniq ma’lumotlarga ko‘ra, Yuriy Gagarin Yer sayyorasini aylanib chiqishga 1 soatu 48 daqiqa vaqt sarflagan. O‘shanda uning yoshi 27 da edi.

U yana bir bor fazoga chiqishni rejalashtirgan edi. Ammo 1968 yilda aviamashg‘ulotlar vaqtida halokatga uchraydi. O‘shanda u 34 yoshda bo‘lgan.

Yuriy Alekseyevich Gagarin 1961 yilning kuzida Toshkentga keladi. XX asrning 60-yillarida Anhor kanalining chap sohilida fazogirga atab xiyobon barpo etiladi.

Ushbu fazogir haqida juda ko‘p gapirish mumkin. Uning fazoga ilk bor yo‘l olishi ilm-fan olamida tub burilish yasadi, yanada yangidan yangi ixtirolarning dunyo yuzini ko‘rishiga sabab bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Yuriy Gagarin

Baholaganlar

666

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing