47 yashar Oksana Chusovitina Jahon kubogini qo‘lga kiritdi
Sport
−
02 aprel 2022
12904O‘zbekistonlik gimnastikachi Oksana Chusovitina Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan sport gimnastikasi bo‘yicha Jahon kubogida g‘olib bo‘ldi. Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Shu kunlarda Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida sport gimnastikasi bo‘yicha Jahon kubogi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Unda ishtirok etayotgan hamyurtimiz, gimnastika afsonasi Oksana Chusovitina yana bir karra dunyo ahlini hayratga solib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, yaqinda 47 yoshga qadam qo‘yadigan Chusovitina tayanib sakrash mashqi bo‘yicha o‘tkazilgan final bahslarida 13,266 ball bilan 1-o‘rinni egallagan. Keyingi o‘rinlarni mos ravishda Vengriya vakilasi Mariya Ksenje Bakskay hamda sloveniyalik Tesha Belak qo‘lga kiritgan.
“Jami to‘rt bosqichdan iborat bo‘lgan ushbu musobaqaning uchta bosqichida qatnashib, ularda ikkita oltin va bitta kumush medalga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston sport gimnastikasi faxri bo‘lgan Oksana tayanib sakrash yo‘nalishida Jahon kubogi sohibasiga aylandi. Ta’kidlash joiz, ushbu yo‘nalishda hamyurtimizga teng keladigan raqib topilmadi. Bundan tashqari Chusovitina qimmatli reyting ochkolarini ham qo‘lga kiritdi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Oksana Chusovitina 1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016 va 2021 yillarda o‘tkazilgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan. U 1992 yili jamoaviy bahsda Olimpiya chempioni, uch karra jahon chempioni, Yevropa chempioni, Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Oksana Chusovitina Tokio Olimpiadasidagi ishtirokidan so‘ng sportdan ketganini e’lon qilgandi. 2021 yilning oktyabr oyiga kelib, u yana sportdagi karerasini davom ettirmoqchiligini bildirdi.
LiveBarchasi