40 yil panjara ortida o‘tirgan erkak ICE tomonidan ushlandi
Olam
−
17 fevral 636 2 daqiqa
Qotillik aybi bilan 40 yildan ortiq qamoqda o‘tirgan Subramanyam Vedamning hukmi o‘tgan yili bekor qilingan edi. Biroq u ozodlikka chiqishga ulgurmay, AQSH migratsiya xizmati (ICE) tomonidan yana hibsga olindi. Endi 64 yoshli jabrlanuvchi deportatsiya xavfi ostida. Bu haqda "CNN" xabar berdi.
Pensilvaniya sudi uning qotillik bo‘yicha hukmini 2025 yil avgustda bekor qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, 1980 yillardagi ikki sud jarayonida prokuratura hal qiluvchi ballistik dalillarni himoya tomonidan yashirgan. Sud bu holatni adolatli sudlov huquqining buzilishi deb topgan. Okrug prokuraturasi esa qayta sud o‘tkazmaslikka qaror qilgan.
Biroq buning ortidan darhol yangi muammo paydo bo‘lgan. Qariyb butun umrini AQSHda o‘tkazgan va doimiy yashash maqomiga ega bo‘lgan Vedam ICE tomonidan qo‘lga olingan. Sabab esa ko‘p yillar avvalgi deportatsiya qarori. Vashington Immigratsiya apellyatsiya kengashi uning ishini “alohida holat” sifatida qayta ko‘rib chiqishga rozi bo‘lgan, ammo shu hafta federal immigratsiya sudyasi uni garov evaziga ozod etishni rad etgan.
Vedam 1980 yilda do‘sti – 19 yoshli talabaning o‘limida ayblangan va shartli ozodlik huquqisiz umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Tergovchilar uni asosiy gumondor sifatida ko‘rib, boshqa ehtimoliy versiyalarni chetga surgani aytiladi. Himoyachilarning ta’kidlashicha, ishda etnik omil ham rol o‘ynagan bo‘lishi mumkin.
Ichki xavfsizlik vazirligi esa pozitsiyasini o‘zgartirgani yo‘q. Ular hukm bekor qilingani deportatsiya jarayoniga ta’sir qilmasligini bildirgan. Shu tariqa, 40 yillik qamoqdan keyin erkinlikka chiqqan inson yana bir huquqiy kurash girdobida. Uning taqdiri endi immigratsiya sudlarining qaroriga bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyaning Sidzuka prefekturasi okrug sudi 47 yildan ortiq nohaq qamoqda o‘tirgan va keyinchalik oqlangan 89 yoshli Ivao Hakamataga taxminan 217 million iyena (taxminan 1,44 million dollar) tovon to‘lashga qaror qilgandi.
Live
Barchasi