“40 million ham kam!” Ayollar erkaklardan katta maosh xohlayapti.

Tahlil

Sharq madaniyatidan qonimizga singdirilgan bir tushuncha borki, erkaklar oilada ro‘zg‘orni tebratishi, turmush o‘rtog‘i va farzandlarini moddiy tomondan to‘liq ta’minlashi kerak. Biroq, O‘zbekison sharoitida oylik maoshlarning unchalik baland emasligi hech kim uchun sir emas. Bunda, albatta, xususiy tadbirkorlik maoshlari alohida mavzu.

Lekin, erkaklar orasida davlat tashkilotlarida ishlaydigan va shu orqali ro‘zg‘orini tebratadiganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Xo‘sh, O‘zbekistonda erkaklar qancha maosh olishi kerak?

QALAMPIR.UZ mazkur savol bilan poytaxt ayollariga yuzlandi.

“Erkaklar ro‘zg‘oring kami ko‘stini to‘ldirish uchun ko‘p ishlashi kerak. Oila tebratish oson ish emas. Bu farzandlar soniga ham bog‘liq. Hozirgi vaqtda ayniqsa Toshkent sharoitida kamida 10 million ishlab topmasangiz yashashingiz qiyinlashib boraveradi”, dedi ayollardan biri.

Darhaqiqat, respondent ayollarning ko‘pchiligi o‘rtacha xisobda o‘n million maosh oila xarajatlari uchun yetarli, deb hisoblaydi.

Shuningdek, ularning orasida hatto 30-40 million so‘mlik maosh ham bir oilaga yetmasligini aytganlar ham bor.

Bunga sabab sifatida esa ular poytaxtda yashash qiyin bo‘lib ketayotgani, ijara xaqlari yoki oziq-ovqat narxlarida yildan yilga katta osish kuzatilayotganini ko‘rsatishdi.

Qolaversa, erkaklar sharoitdan kelib chiqib, imkon qadar ko‘proq pul topishga harakat qilayotganini aytganlar ham yo‘q emas:

“Oilada faqat erkak ishlasin degan qoida yo‘q. Ayol ham turmush o‘rtog‘iga yordam berishi kerak. Ikkisi ham birgalikda ro‘zg‘or tebratishi oila budjetiga ancha foyda keltiradi”, deydi ayollardan biri.

QALAMPIR.UZ ayollarning bu “talab”iga erkaklar javob bera olishi yoki yo‘qligini o‘rganish maqsadida bir qancha erkaklarga ham mikrafon tutdi.

Afsuski, so‘rovnomada qatnashgan aksariyat erkaklar real daromadi ayollar xohlayotgan maoshdan 2-3 barobar kamligini bildirdi.

“Oyiga ko‘pi bilan 3 million ishlab topaman. Bir ammallab oilamni boqayapman. Nima qilay, ishlamasam nonni kim beradi? O‘zbekistonda ish topish ham, pul topish ham katta muammo”, deydi erkaklardan biri.

Ayrim erkaklar esa davlat ishida ishlashi, oylik maoshi ro‘zg‘or uchun yetayotganidan mamnunligini bildirdi.

QALAMPIR.UZ so‘rovnomasining to‘liq shaklini esa quyidagi havola orqali ko‘rishingiz mumkin.

Akobir Misiraliyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing