40 dan ortiq davlat Rossiyani xalqaro huquqni buzishda aybladi

Olam

image

10 sentyabrga o‘tar kechasi Polsha havo hududini buzgan dronlar Rossiyaga qarashli deb topilgan bayonotga BMTning 193 a’zosidan 46 tasi imzo chekdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Kecha, 12 sentyabr kuni Varshava iltimosiga ko‘ra, BMT Xavfsizlik Kengashida favqulodda yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari Dikarlo bu voqea Moskva va Kiyev o‘rtasidagi mojaro bo‘yicha yaqinda olib borilgan diplomatik harakatlarni xavf ostiga qo‘yishini bildirgan. 

Polsha TIV vakili Rossiyani “asabiylashtiruvchi harakat” uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga va bunday hodisalarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishga chaqirgan.
Bayonotni qo‘llaganlar orasida Polshadan tashqari Ukraina, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH, Avstriya, Belgiya, Vengriya, Gruziya, Italiya, Ispaniya, Norvegiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlar ham bor edi.

Fransiyaning BMTdagi vakili Jerom Bonnafon sodir bo‘lgan voqeani Rossiya tomonidan “qabul qilib bo‘lmas eskalatsiya” deb atagan. Buyuk Britaniya elchisi Barbara Vudvord Polsha havo hududining buzilishini “o‘ta qo‘pol qonunbuzarlik” deb baholagan. AQSH vakili Doroti Shi esa Vashington “NATO hududining har bir qarichini himoya qilishini” bildirgan. 

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya barcha ayblovlarni rad etgan va Moskva Varshava bilan ziddiyatni kuchaytirishni istamasligini aytgan. U Mudofaa vazirligi bayonotini takrorlab, Rossiya armiyasi Ukrainadagi harbiy-sanoat ob’ektlariga zarba berganini, Polshada esa hech qanday nishon bo‘lmaganini qayd etgan. Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, zarbada qo‘llangan dronlarning uchish masofasi 700 km dan oshmagan, bu esa ularning Polsha hududiga yetib borishini “imkonsiz” qiladi.

Mazkur hodisa tufayli bir qator Yevropa mamlakatlari, jumladan Chexiya, Shvetsiya va Germaniya Rossiya elchilarini TIVga chaqirgan. AQSH Prezidenti Donald Tramp bu voqeani izohlab, Rossiyaga “Polshaga yaqinlashmaslik”ni maslahat bergan. U dronlar mamlakat havo hududini xato bilan buzgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi, biroq Varshava buni qat’iyan rad etgan.

10 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga yirik zarbalar berganida, kamida 19 ta dron Polsha chegarasini kesib o‘tdi. Dronlarni tutib olish uchun Polsha samolyotlaridan tashqari boshqa NATO davlatlarining qiruvchi samolyotlaridan ham foydalanilgan.

Dron parchalari Belarus va Ukraina bilan chegara yaqinidagi Viriki qishlog‘idagi turarjoy binosiga zarar yetkazdi, qurbonlar yo‘q.

Varshavaning ta’kidlashicha, Rossiya ataylab Polshaga hujum qilgan va Varshava Shimoliy Atlantika shartnomasining 4-moddasiga muvofiq NATO ittifoqchilari bilan maslahatlashishni talab qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Pol'sha dron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing