4 yillik tanaffusdan so‘ng Tramp Oq uyga qaytadi
Tahlil
−
06 noyabr
4996AQSHda prezidentlik saylovi 5 noyabr kuni Nyu-Gempshir shtatining Diksvill-Notch qishlog‘ida boshlandi. Qishloq aholisi 5 noyabrga o‘tar kechasi tunda, mahalliy vaqt bilan soat 12:00 dan keyin o‘z tanlovlarini amalga oshira boshladi. Qishloqning olti nafar aholisi birinchilardan bo‘lib ovoz bergan holda yilning eng muhim siyosiy jarayonini boshlab berdi.
Aslida AQSHda prezidentlik saylovida ovoz berish bir necha kun oldin boshlangandi. 333 milliondan ortiq aholi istiqomat qiluvchi Qo‘shma Shtatlarda bu yilgi saylovda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar soni 168 millionni tashkil qildi. Rasmiy saylov kuniga qadar esa shular ichidan 78 milliondan ortig‘i allaqachon ovoz berib bo‘lgani qayd etildi. Bu esa rasmiy saylov kuniga qadar ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 45 foiz amerikalik bu imkoniyatdan foydalanib bo‘lganini anglatardi.
Saylov uchastkalari birin-ketin ochilgach, asosiy jarayon start oldi. Bu saylov doirasida prezidentdan tashqari Senatning uchdan bir qismi, Vakillar palatasining barcha a’zolari ham saylanishi lozim edi. Amerikaliklar dunyo siyosatining keyingi 4 yili taqdiriga ancha-muncha ta’sir qiluvchi qarorlarini amalga oshira boshladi. AQSH shtatlarining ko‘pchiligi an’anaviy tarzda u yoki bu partiyani qo‘llab-quvvatlashi saylovlardan oldin ma’lum bo‘ladi. Masalan, respublikachi Donald Trampning Indiana, Kentukki, G‘arbiy Virjiniya, Oklaxoma, Florida, Tennessi, Janubiy Karolina, Missisipi, Alabama va Arkanzasda, Kamola Harris esa Konnektikut, Massachusets, Vermont, Merilend, Rod-Aylend va Delaver shtatlarida yetakchilik qilishi taxmin qilingandi. Yakunda shunday ham bo‘ldi.
Biroq AQSHdagi saylovlarda "ikkilanuvchi" shtatlar ham bor bo‘lib, ular doimiy tarzda hech bir partiyani qo‘llab-quvvatlamaydi. Bir saylovda respublikachilar uchun ovoz bersa, boshqa safar demokratlarni qo‘llashi odatiy hol. 2024 yilgi prezidentlik poygasida yettita shunday shtat bor bo‘lib, bular, Arizona, Nevada, Viskonsin, Jorjiya, Shimoliy Karolina, Pensilvaniya va Michigan kabi shtatlar edi. U yerdagi saylovchilarning ovozlari butun prezidentlik poygasi natijalariga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatishi kutilgandi. Shuning uchun nomzodlar Harris va Tramp o‘z saylovoldi kampaniyasi uchun yig‘ilgan sarmoyaning kattagina qismini aynan shu shtatlarga yo‘naltirdi.
Shunday qilib, AQSHdagi saylovlarga ovoz berish va ularni hisoblash jarayoni avj pallaga chiqqach, asta-sekin turli nashrlar natijalarni birin-ketin e’lon qila boshladi. O‘zi qo‘llab-quvvatlovchi partiyaga ovoz berishi naqd bo‘lgan shtatlar o‘z yo‘liga, ammo deyarli barchaning nigohlari o‘sha "ikkilanuvchi" yoki "tebranuvchi" deb ataladigan shtatlarda bo‘ldi.
Dastlab, "Assaciated Press" nashri AQSHdagi prezidentlik saylovlarida Tramp Jorjiya va Shimoliy Karolinada, Harris esa Michigan va Pensilvaniyada yetakchilik qilayotgani haqida xabar berdi. Jorjiya va Shimoli Karolinada Toshkent vaqti bilan soat 7:00 holatiga ko‘ra, Donald Trampga 55 va 54 foiz bilan Harrisni yengayotgan bo‘lsa, Pensilvaniyadagi saylovchilarning 67 foizdan ko‘prog‘i, Michiganda esa deyarli 55 foizi Harrisni qo‘llab-quvvatlash orqali uning yaqqol ustunligini ta’minlayotgan edi. Ammo bu vaqtda umumiy ustunlik Tramp qo‘lida bo‘lib, u yirik 230 ga 187 hisobida oldinda edi. Ammo oradan 3 soat o‘tib, Toshkent vaqti bilan soat 10:15 da Harris Tramp bilan o‘rtadagi farqni keskin qisqartirdi. Shu vaqtgacha hisoblab chiqilgan jami ovozlarning 47,6 foizi Harris tomonga tosh bosgan bo‘lsa, Donald Tramp esa 51,1% ovozga egalik qildi. Ovoz berishda ikkilanayotgan 7 ta shtatning biri – Shimoliy Karolina Trampga ovoz bergani aniq bo‘ldi, ammo qolgan oltita shtat hali bir qarorga kelmagandi. Umumiy hisob esa 200 ga 230 – Tramp foydasiga qolayotgandi. Oradan biroz o‘tib, Nyu-Meksika va Gavayi ham demokratlarga ovoz bergach, farq yanada qisqarib, 210 ga 230 ni tashkil qildi. Ko‘p o‘tmay, o‘sha muhim "ikkilanuvchi" shtatlar o‘z so‘zini ayta boshladi. Jorjiya respublikachilarga og‘ishdi va Tramp hisobini 246 taga yetkazib qo‘ydi. Bu shu payti barcha masalaga deyarli nuqta qo‘ydi. Endilikda Trampning g‘alabasi uchun bor yo‘g‘i 24 ta ovoz zarur bo‘lib, u bu paytda "ikkilanuvchi" shtatlarda ham ustunlik qilayotgandi. Biroz o‘tib, kutilganidek Tramp g‘alabani o‘zida saqlab qoldi. Harris 213 ta ovozga ega chiqqan mahal, respublikachi nomzod talab qilingan 270 ta saylov kollegiyasini o‘ziniki qilib ulgurgandi. Bu esa 538 ta saylov kollegiyasi bor bo‘lgan Qo‘shma Shtatlarda Prezident bo‘lish uchun yetarli bo‘lgan ovoz edi.
Tramp g‘alabani nishonlab bo‘ldi
Ba’zi rasmiyatchiliklardan tashqari saylovdagi asosiy masala hal qilingach, Donald Tramp o‘z g‘alabasini e’lon qildi.
“Amerika xalqiga sizning 47-prezidentingiz va 45-prezidentingiz etib saylanish sharafi uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Men har kuni siz, oilangiz va kelajagingiz uchun kurashaman. Men har nafasim bilan siz uchun kurashaman. Farzandlarimizga munosib bo‘lgan va sizlarga munosib bo‘lgan kuchli, xavfsiz va farovon Amerikani yetkazib bermagunimizcha tinchlanmayman. Bu haqiqatan ham Amerikaning oltin davri bo‘ladi”, dedi u Floridadagi tarafdorlariga.
U Amerika xalqi respublikachilar partiyasiga misli ko‘rilmagan va qudratli mandat berganini qo‘shimcha qilgan holda, o‘z partiyasi Senat ustidan nazoratni qo‘lga kiritganini ham nishonladi. Darvoqe, Respublikachilar 100 o‘rinli AQSH Senatida nazorat uchun zarur bo‘lgan 51 o‘rinni ham naqd qildi. Vakillar palatasidagi ustunlik ham hatto respublikachilar tomonida bo‘lmoqda. Respublikachilar ustunlik uchun zarur bo‘lgan 218 ta ovozga demokratlardan ko‘ra ancha yaqin va yaqin soatlarda bu yerni ham o‘zlariniki qilishga juda yaqin. Bu natijalar esa respublikachilar tomonidan demokratlarning to‘liq, butkul tor-mor etilganini ko‘rsatadi.
Shunday qilib, Tramp o‘z g‘alabasini e’lon qilib, uni nishonlagan zahoti dunyo yetakchilari ham zudlik bilan birin-ketin uning manziliga tabriklar yo‘llay boshladi. Birinchilardan bo‘lib, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Donald Trampni AQSHdagi saylovlardagi g‘alabasi bilan tabrikladi va u bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
"Men hozirgina Donald Trampni Qo‘shma Shtatlar prezidenti etib saylangani bilan tabrikladim. Uning yetakchiligi yana ittifoqimizni mustahkam saqlashda kalit bo‘ladi. NATO orqali kuch orqali tinchlikni rivojlantirish uchun u bilan yana hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutaman", dedi Ryutte.
"Tarixdagi eng buyuk kambek bilan tabriklayman. Bu juda katta g‘alaba. Sizning Oq uyga tarixiy qaytishingiz Amerika uchun yangi sahifani ochadi va Isroil va Amerika o‘rtasidagi buyuk ittifoqning kuchli yangilanishini anglatadi”, dedi Netanyaxu.
"Tabriklayman, Prezident Donald Tramp. Oldin to‘rt yil davomida qilganimizdek, birgalikda ishlashga tayyormiz", deb yozdi Makron.
“Donald Trampni saylovdagi ta’sirchan g‘alabasi bilan tabriklayman, sentyabr oyida biz Ukraina va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikni batafsil muhokama qilgan holda prezident Tramp bilan bo‘lgan ajoyib uchrashuvimizni eslayman”, dedi Zelenskiy.
“Donald Trampni chin yurakdan tabriklayman. Yevropa Ittifoqi va AQSH shunchaki ittifoqchi emas. Bizni 800 million fuqaroni birlashtirgan xalqlarimiz o‘rtasidagi haqiqiy sheriklik bog‘lab turadi. Shunday ekan keling, ularga foyda keltirishda davom etadigan kuchli transatlantik kun tartibi ustida birga ishlaylik”, Ursula fon der Lyayen.
Shuningdek, Britaniya Bosh vaziri ham Tramnpni tabriklab, uni bu safargi g‘alabasini tarixiy deb atadi.
“Saylangan prezident Trampni saylovdagi tarixiy g‘alabasi bilan tabriklayman. Kelgusi yillarda siz bilan hamkorlik qilishni orziqib kutaman. Eng yaqin ittifoqchilarimiz sifatida biz erkinlik, demokratiya va tadbirkorlik kabi umumiy qadriyatlarimizni himoya qilishda yelkama-yelka turibmiz. Bilaman, Buyuk Britaniya va AQSH o‘rtasidagi o‘ziga xos munosabatlar – iqtisodiy o‘sishdan tortib, xavfsizlik, innovatsiyalar va texnologiyalargacha – kelgusi yillarda Atlantika okeanining har ikki tomonida gullab-yashnashda davom etadi”, deydi Britaniya hukumati rahbari bayonotida.
Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham Trampni AQSH prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabriklab, Anqara va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanishiga umid bildirdi. Turkiya Prezidenti Trampning Ukraina va G‘azo bo‘yicha kelishuvga erishish harakatlarida yordam berishiga umid bildirdi.
Germaniya kansleri Olaf Shols ham Trampni AQSH prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi va Berlin va Vashington har ikki davlat fuqarolari manfaati uchun hamkorlikni davom ettirishini aytdi.
“Donald Trampni AQSH prezidenti etib saylangani bilan tabriklayman. Germaniya va Qo‘shma Shtatlar Atlantika okeanining har ikki tomonida farovonlik va erkinlikni ta’minlash uchun uzoq yillik muvaffaqiyatli hamkorlik tarixiga ega. Fuqarolarimiz manfaati yo‘lida bu ishni davom ettiramiz”, deb yozdi Shols.
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban esa Trampni ayni damda Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda o‘tkazilayotgan TDT sammitida AQSH prezidentligiga saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklab, bu butun dunyo uchun zarurligini ta’kidladi.
“Ular Trampga qamoq bilan tahdid qilishdi, mol-mulkini tortib olishdi, o‘ldirmoqchi bo‘lishdi, Amerikadagi barcha ommaviy axborot vositalarini unga qarshi qo‘yishdi, lekin baribir u g‘alaba qozondi”, deb ta’kidladi Orban Bishkekdagi Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bugun, 6 noyabr kuni Donald Trampga Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti saylovida g‘alaba qozonib, ushbu lavozimga saylangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
"Sizni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti lavozimiga saylanganingiz munosabati bilan chin dildan samimiy muborakbod etib, o‘zimning qizg‘in tabriklarimni va eng ezgu tilaklarimni yo‘llashdan behad mamnunman. Saylovlardagi ishonchli g‘alabangiz Sizdek boy tajribali va mohir siyosatchining AQSHning xalqaro maydondagi nufuzi va iqtisodiy qudratini oshirish, global taraqqiyot va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan dastur va rejalaringiz Amerika xalqi tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanganini yana bir bor yaqqol tasdiqladi", deydi Mirziyoyev.
Ammo Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tramp bilan aloqalari yaxshi ekanligi doimiy tarzda aytib kelinsa-da, Kreml yetakchisi respublikachini prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabriklashni rejalashtirmayotgan ko‘rinadi. Uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov buni ayni paytda AQSH Rossiya va Ukraina urushida unga qarshi bevosita ishtirok etayotgani bilan izohladi.
“Prezidentning Trampni saylov bilan tabriklash rejalaridan xabardor emasman. Shuni unutmaylikki, gap davlatimizga qarshi urushda bevosita va bilvosita ishtirok etayotgan davlat haqida ketyapti”, dedi Kreml vakili Dmitriy Peskov.
Shunday qilib, Trampning Oq uyga qaytishi shunchaki vaqt masalasi xolos. Yanvar oyigacha ba’zi rasmiyatchiliklar ado etilgach, u keyingi 4 yillik uchun dunyo yalovbardori ustidagi boshqaruvda bo‘ladi.
LiveBarchasi