4 o‘zbekistonlik Koreyada terrorchilikda ayblanmoqda
3-sahifa
−
12:49 1389 2 daqiqa
Joriy yilning 1 sentyabr kuni Janubiy Koreyada to‘rt nafar o‘zbekistonlik Suriyadagi terrorchi guruhga pul va transport vositalarini yuborganlikda ayblanib qo‘lga olindi. Ular terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda Koreyaning “Yonhap” agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosidan biri 2025 yil aprelidan boshlab taxminan sakkiz oy davomida Birlashgan Millatlar Tashkiloti terroristik tashkilotlar ro‘yxatidagi “Katibat at-Tavhid val-Jihod” terrorchilik tashkilotiga 6,3 million von (taqriban 4600 AQSH dollari) qiymatidagi kriptovalyuta yuborganlikda ayblanmoqda.
Shuningdek, 30 yoshlardagi ushbu erkak o‘sha davrda guruhdan kriptovalyuta olganlikda gumon qilinmoqda va bu pullarga umumiy qiymati 170 million vonga teng bo‘lgan 11 ta minilgan avtomobil hamda ikkita ekskavator sotib olib, ularni Suriyaga jo‘natgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti “Al-Qoida”ga aloqador bo‘lgan “Katibat at-Tavhid val-Jihod” jangari guruhini 2022 yilda terrorchilik tashkiloti deb tan olgan.
Tergovchilarning fikricha, gumonlanuvchining guruh bilan rasmiy aloqalari yo‘q, biroq u tashkilot a’zosi bo‘lgan ukasi bilan aloqaga chiqqanidan so‘ng uni qo‘llab-quvvatlay boshlagani aniqlangan.
Gumonlanuvchi Interpol tomonidan qizil xabarnoma bilan qidiruvga berilganidan bir oy o‘tib, ya’ni aprel oyida hibsga olingan. Shundan so‘ng unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilib, ayblov e’lon qilingan.
Qolgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosi asosiy gumonlanuvchiga minilgan avtomobillarni topish kabi ishlarda yordam berganlikda ayblanmoqda. Ular hibsga olinmagan holda politsiya tomonidan so‘roq qilingan.
Asosiy gumonlanuvchi o‘z vatandoshlaridan birining nomiga ro‘yxatdan o‘tgan minilgan avtomobillar eksporti kompaniyasini boshqargani ma’lum bo‘ldi.
Live
Barchasi