350 trillionlik qonun “ura-ura”lar va qarsakbozlik bilan tasdiqlandi. Kusherboyev va G‘aniyev qayerda?
Jamiyat
−
22 dekabr 2022
30260Bugun, 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “2023 yil uchun davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasining navbatdagi muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Biroq, deputatlar, byudjet bu barcha fuqarolarning taqdiriga oid bo‘lgan eng katta hujjat ekanini unutib qo‘ydi shekilli, majlisda ko‘proq mamlakat byudjeti, qonundagi moddalar haqida emas, asosan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 20 dekabr kungi Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasi haqida gap ketdi.
Shuningdek, davlat byudjeti taqsimoti masalasida yig‘ilganlar deputatlardan birini tug‘ilgan kuni bilan hamda energetika vazirligi vakillarini energetiklar kuni bilan tabriklashga ham ulgurdi.
Davlat byudjeti qonunining 1-o‘qishida turli e’tirozlarga sabab bo‘lgan masalalar bo‘yicha esa hech qanday izoh berilmadi.
Masalan, qonunning birinchi o‘qish muhokamalarida O‘zLiDEP deputati Doniyor G‘aniyev va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov o‘rtasida tortishuv yuzaga kelgan edi. Unda G‘aniyev UzAutoMotors'ga avtomobil eksport qilingan mamlakatlardagi tariflar bo‘yicha hisoblangan utilizatsiya yig‘imlarini qoplab berish uchun qo‘shimcha 225 mlrd so‘m ajratilayotganiga e’tiroz bildirgandi.
“Boshqa sohalardagi xarajatlarni qisqartirayotgan paytimizda, to‘g‘ridan to‘g‘ri monopol korxonanining xorijdagi mijozi sotib oladigan mashinasi narxining arzon bo‘lishi uchun 225 mlrd yana qo‘shimcha subsidiya berishimiz qanchalik mantiqqa to‘g‘ri keladi?” deya o‘shanda Moliya vaziri Timur Ishmetovga yuzlangandi G‘aniyev.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov esa deputat masalani noto‘g‘ri tushunayotganini aytib, uni yolg‘onchiga ham chiqargandi. Bir necha daqiqalik tortishuvdan keyin esa oxiri bu bo‘yicha (Norqulov) navbatdagi uchrashuvda qo‘shimcha ma’lumot berishni va’da qilib, tortishuvga yakun yasagandi.
Qizig‘i, o‘shanda byudjet taqsimotidagi bu holatga deputat Rasul Kusherboyev va Doniyor G‘aniyevdan boshqa hech bir deputat e’tiroz bildira olmadi.
Bugun, 22 dekabr kungi majlisda esa Doniyor G‘aniyev ham, Kusherboyev ham ko‘rinish bermadi.
Shu tariqa, Prezident murojaatnomasi haqidagi fikrlar bilan bir yarim soat davom etgan 2023 yil uchun 348 trillionlik “Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun 121 nafar deputatlar tomonidan bir ovozda ma’qullandi.
E’tiroz bildiruvchi yoki betaraf qolgan deputatlar esa bo‘lmadi. 1 nafar deputat esa ovoz bermadi.
LiveBarchasi