310 ta aholi punkti Rossiya nazoratiga o‘tdi – Putin

Olam

−

image

Joriy yil boshidan buyon Rossiya qo‘shinlari nazorati ostiga qariyb 6,5 ming kvadrat kilometr hudud va 310 ta aholi punkti o‘tdi. Bu haqda kecha, 16 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Birlashgan qo‘shinlar guruhining yordamchi qo‘mondonlik punktiga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi.

“Umuman olganda, joriy yil boshidan beri 6,5 ming kvadrat kilometrga yaqin hudud va 310 ta aholi punkti ozod qilindi”, deydi Putin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina nazorati ostida DXR hududining 10 foizdan sal ko‘prog‘i va Zaporoje viloyatining 16,5 foizi qolmoqda. Prezidentning aytishicha, LXR to‘liq Rossiya nazorati ostida.

Urushni o‘rganish instituti (ISW) ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida Rossiya qo‘shinlarining haqiqiy sof oldinga siljishi bor-yg‘i 144,51 kv. km ni tashkil etgan. Bu Putin tomonidan aytilgan maydondan taxminan 45 baravar kam. Shu bilan birga, ayrim oylarda Rossiya armiyasi egallab olganidan ko‘ra ko‘proq hududni boy bergan.

ISW hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar oyida Rossiya 318,54 kv. km, fevral oyida – 122,73 kv. km, mart oyida esa – 23,04 kv. km hududni egallab olgan. Aprel oyida Rossiya armiyasi 116,01 kv. km, may oyida esa yana 281,1 kv. km hududni boy bergan. Iyun oyida Rossiya qo‘shinlari 30,02 kv. km, iyul oyida – 37,85 kv. km, avgust oyida esa – 90,25 kv. km hududni qo‘lga kiritgan. Sentyabr oyida vaziyat yana o‘zgargan: Rossiya 80,81 kv. km hududni boy bergan. Shu tariqa, to‘qqiz oy yakunlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi tomonidan egallangan hududlarning sof o‘sishi 144,51 kv. km ni tashkil etgan. 

ISW Putinning Rossiya oldinga siljishi ko‘lami haqidagi bayonotlari frontdagi real vaziyatga mos kelmasligini va “gallyutsinatsiyani eslatishini” yozgandi. Institutning qayd etishicha, Kreml armiya muvaffaqiyatlari haqida oshirib ko‘rsatilgan tasavvurni shakllantirish va jang maydonida sodir bo‘layotgan voqealarning Moskva uchun manfaatli manzarasini yaratish orqali kognitiv urush olib borish bo‘yicha davom etayotgan harakatlarini faollashtirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina dronlari hujumi xavfi sabab Moskvaning to‘rtta yirik aeroporti 16 oktyabrdan 17 oktyabrga o‘tar kechasi tun davomida faoliyatini to‘xtatgani, Vnukovo, Domodedovo, Jukovskiy va Sheremetevo aeroportlarida cheklovlar yetti soatgacha davom etgani va 160 dan ortiq reys bekor qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing