30 yoshli erkak qarzi tufayli qaynoq suv bilan o‘ldirildi
Olam
−
18:03 1132 2 daqiqa
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida huquq-tartibot idoralari xodimlari 30 ming rubl miqdoridagi qarzi sababli tanishini shafqatsizlarcha o‘ldirishda gumonlanayotgan ikki nafar xorij fuqarosini qo‘lga oldi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Sankt-Peterburg bo‘yicha bosh tergov boshqarmasiga tayanib, Rossiya OAVlari xabar bermoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyat Veteranov prospektidagi turar joyda sodir bo‘lgan. Gumonlanuvchilar jabrlanuvchining xonadan chiqib ketish yo‘lini to‘sib qo‘ygan va qarzni zudlik bilan qaytarishni talab qilgan.
Erkakning qarshiligini sindirish va pulni to‘lashga majbur qilish uchun hujumchilar uning boshi va tanasiga qo‘llari hamda oyoqlari bilan ko‘plab zarbalar bergan. Shundan so‘ng, figurantlar uni qo‘rqitish maqsadida ustidan qaynoq suv quygan.
Olingan og‘ir jarohatlar va kuyishlar oqibatida jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan. O‘lim sodir bo‘lgan aniq vaqt, murdaning topilish holatlari va halok bo‘lgan shaxsning shaxsiga oid ma’lumotlar tergov manfaatlaridan kelib chiqib hozircha oshkor qilinmayapti.
Sodir bo‘lgan voqea yuzasidan tergov organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ikkala gumonlanuvchi ham ushlangan, tergovchilar va kriminalistlar jinoyatning barcha tafsilotlarini va har bir figurantning ishtirok etish darajasini aniqlashni davom ettirmoqda.
Yaqin orada sud tergov organlarining ushlanganlarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi iltimosnomasini ko‘rib chiqadi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyaning Hempshir grafligida cherkovlar oldiga qo‘y va kiyik jasadlarini tashlab yurgan 48 yoshli Benjamin Lyuis sud qarori bilan majburiy davolanish uchun ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgandi.
Live
Barchasi