3 yashar nabiram xitoychada qattiq-qattiq gapiradi – Shavkat Mirziyoyev
Jamiyat
−
29 avgust 2023
51998Bugun, 29 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangilangan Respublika bolalar kutubxonasiga borib, yosh kitobxonlar bilan suhbatlashdi.
Aytilishicha, yaqinda Respublika bolalar kutubxonasi yangilangan. 1907 yilda qurilgan tarixiy bino restavratsiya qilinib, zamonaviy jihozlangan.
Mazkur kutubxona o‘zbek va jahon bolalar adabiyotiga oid 180 ming kitob fondiga ega. Zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanilayotgani xodimlar ishini yengillashtirib, kitobxon bolalarga qo‘shimcha qulaylik yaratgan. Jumladan, tashrif buyuruvchilar maxsus ID-karta oladi. U orqali kitobxonlarni ro‘yxatga olish, kitob olish va topshirish jarayonlari elektron tarzda tashkil etiladi.
Elektron kutubxonani rivojlantirish, video va audio resurslar fondini boyitish, foydali veb-kontentlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Audio kitoblarni tinglash xonasi tashkil etilgan.
Prezident ushbu sharoitlarni ko‘zdan kechirgan, kitob o‘qiyotgan va chet tillarini o‘rganayotgan bolalar bilan muloqotda bo‘lgan.
Prezidentga kutubxonada haftada ikki marta bo‘ladigan xitoy tili to‘garagi tashkil etilgani haqida ma’lumot berilgan. Mirziyoyev esa o‘zining uch yashar nevarasi ham xitoy tilini o‘rganayotganini aytgan.
“Mening uch yoshli nevaram bor. U xitoy tilini yaxshi ko‘radi. Bizga ham xitoycha qattiq-qattiq gapiryapti. Tarjimonidan so‘rayapman, yaxshi gapiryaptimi deb. Yaxshi gapiryati deydi”, degan Prezident.
Shuningdek u bolalarni til o‘rganishga chaqirgan.
“Til bilgan odam butun dunyoni biladi. Til bilganga dunyo eshiklari ochiq, deydi ota-bobolarimiz. Shuning uchun, dunyo eshiklari ochilib, mana shu kutubxona sizlarga yoqgan bo‘lib, ko‘proq bu yerga kelib turib, kitob bilan do‘st bo‘lsangiz men sizlardan juda minnatdor bo‘laman” deydi Shavkat Mirziyoyev bolalarga qarata.
Prezident o‘zining nevaralariga ham ko‘proq kitob o‘qishni aytishini ta’kidlagan. Biroq Mirziyoyev bolalarni telefon o‘ytab o‘tirishini yomon ko‘rishini ham yashirmagan.
“Men yomon ko‘raman ular telefonda o‘tirsa. Lekin yomon ko‘rishimdan qat’i nazar, ular aytadiki, bobojon, siz yomon ko‘rsangiz, dunyo telefonning ichida. Men dunyo voqealarini telefondan bilib olishim kerak, deydi. Shuning uchun, mening yaxshi-yomon ko‘rganim emas, zamonni hozirgi talabi shu. Zamonga munosib bo‘lsa, shu telefonning ichida bo‘lish kerak ekan”, deydi Mirziyoyev.
Shuningdek, Prezident eng kichkina nevarasi multfilm qo‘yib berishni so‘rashini, u multfilmning ichida xitoycha ham borligini aytgan. Bolalar davrasini tark etar ekan, Mirziyoyev farzandlarini kutubxonaga yuborayotgan ota-onalarga o‘zining nomidan minnatdorligini yetkazishlarini so‘ragan.
Davlat rahbari kutubxonani maktablar bilan samarali bog‘lab, 180 ming kitob fondidan ularni bahramand qilish, bu yerga ko‘proq yoshlarni jalb etish zarurligini ta’kidlagan.
Muassasada xalqaro konferensiya, seminar va boshqa tadbirlarni ham bevosita, ham onlayn o‘tkazish imkoni yaratilgan. Hudud obodonlashtirilib, yangi qiyofaga kirgan. Mo‘’jazgina amfiteatr tashkil etilgan. Kutubxonaga avtotransport ajratish, yangi kitoblar sotib olish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.